29. MANSABDOR ShAXSLARNING VA FUQAROLARNING YO’L HARAKATI XAVFSIZLIGINI TA’MINLASh, TRANSPORT VOSITALARINI YO’LGA СhIQARISh, RAQAM VA TANIQLI BELGILARINI O’RNATISh BO’YIСhA MAJBURIYaTLARI

0
5856

174. Yoʻl harakatida ishtirok etadigan transport vositalarining texnik holati va jihozlari Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Qonuni, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi kerak.

Transport vositalarini DYHXXda roʻyxatdan oʻtkazish hamda egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi kerak.

Tashuvchi yoʻlovchilarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurtalashi shart.


175. Mexanik transport vositalarining (tramvaylardan, trolleybuslardan tashqari) va tirkamalarning koʻzda tutilgan joylarida tegishli namunadagi roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqam belgilari oʻrnatilgan boʻlishi shart.

Yuk avtomobillari, tirkamalar (yengil avtomobillar tirkamalaridan tashqari) va avtobuslar (mikroavtobuslardan tashqari) kuzovining orqa devoriga uning davlat raqam belgisi va harflari yozilishi kerak. Raqamning balandligi 300 millimetr, kengligi 120 millimetr, chizigʻining yoʻgʻonligi 30 millimetrdan kam boʻlmasligi, harflar balandligi esa raqam oʻlchamlarining 2/3 qismiga teng boʻlishi kerak.

Tramvaylarga va trolleybuslarga tegishli tashkilot tomonidan roʻyxatga olingan raqamlar yoziladi.


176. Transport vositalariga taniqlik belgilari oʻrnatilishi kerak:

Avtopoyezd” — yuk avtomobillari va gʻildirakli traktor (1,4 tonna va undan yuqori)larda tirkama boʻlganda, shuningdek tutashtirilgan avtobus va trolleybus kabinalari tomining old qismi oʻrtasiga bir qator qilib 150 dan 300 millimetrgacha oraliqda koʻndalang joylashgan uchta zargʻaldoq rangli chiroq yoki ichidan yoritiladigan, tomonlarining har biri 250 millimetr boʻlgan sariq rangli uchburchak shaklidagi belgi;

Turumlangan” (tishli, shipli) — turumlangan shinali mexanik transport vositalarining orqasida — ichiga qora rangda “T” harfi tushirilgan, qizil hoshiyali, oq rangli uchi yuqoriga yoʻnaltirilgan teng tomonli uchburchak koʻrinishida. Uchburchakning tomonlari 200 millimetrdan kam boʻlmasligi, hoshiyasining kengligi uchburchak tomonining 1/10 qismiga teng boʻlishi kerak;

Bolalar guruhini tashish” — bolalar guruhini tashkiliy tashishda, transport vositasining old va orqa tomonlariga qizil hoshiyali, ichiga 1.21 yoʻl belgisidagi bolalar timsolining tasviri tushirilgan, sariq rangdagi, tomonlari teng boʻlgan toʻrtburchak (kvadrat) koʻrinishidagi belgi.

Toʻrtburchakning tomonlari 250 — 300 millimetrgacha, hoshiyaning kengligi toʻrtburchak tomonining 1/10 qismiga teng boʻlishi kerak;

Kar haydovchi” — kar-soqov yoki kar haydovchi boshqarayotgan transport vositasining old va orqa tomonlarida — ichiga uchi pastga yoʻnalgan hayoliy teng tomonli uchburchakning burchaklari boʻyicha diametri 40 millimetr boʻlgan uchta qora doira tushirilgan, diametri 160 millimetrni tashkil etadigan sariq rangli doira koʻrinishida;

Boshqarishni oʻrgatish uchun moʻljallangan mexanik transport vositasi” — boshqarishni oʻrgatishda foydalaniladigan transport vositalarining old va orqa tomonlarida — ichiga qora rangda “Oʻ” harfi tushirilgan, tomonlari 200 millimetrdan 300 millimetrgacha boʻlgan qizil hoshiyali, oq rangli, uchi yuqoriga yoʻnalgan teng tomonli uchburchak koʻrinishida. Belgi hoshiyasining kengligi uchburchak tomonining 1/10 qismiga teng boʻlishi kerak;

Tezlik cheklangan” — bolalar guruhini tashkiliy tashishni amalga oshirayotgan, ogʻir vaznli, xavfli va katta oʻlchamli yuklarni tashiyotgan, shuningdek, transport vositasining texnik tavsifnomasida koʻrsatilgan eng yuqori tezligi Qoidalarning 78, 79 va 80-bandlarida belgilangan tezlikdan kam boʻlgan hollarda, mexanik transport vositalari kuzovi orqa devorining chap tomoniga 3.24 — “Yuqori tezlik cheklangan” yoʻl belgisining kichraytirilgan, rangli tasviri tushirilgan koʻrinishidagi belgi. Belgining diametri 160 millimetrdan kam boʻlmasligi, hoshiyasining kengligi belgi diametrining 1/10 qismiga teng boʻlishi kerak;

Xavfli yuk” — xavfli yukni tashiyotgan transport vositasining old va orqa tomoniga oʻrnatilgan oʻlchami 690 x 300 millimetr, oʻng qismi 400 x 300 millimetr boʻlgan zargʻaldoq rangli, chap qismi esa yukning xavfli xususiyatini bildirib turgan belgilar tushirilgan qora hoshiyali (kengligi 15 millimetr) oq rangdagi toʻrtburchak shaklidagi belgi (ushbu Qoidalarga 4-ilova);

Katta oʻlchamli yuk” — ichiga kengligi 50 millimetrli, diagonal boʻyicha navbatma-navbat qizil va oq rangli chiziqlar tushirilgan, yorugʻlik qaytaradigan yuzali, oʻlchami 400 x 400 millimetrli toʻrtburchak shaklidagi belgi;

Uzun oʻlchamli transport vositasi” — yukli va yuksiz uzunligi 20 metrdan oshadigan transport vositasining, ikki yoki undan koʻproq tirkamali avtopoyezdlarning orqasida — kengligi 40 millimetr boʻlgan qizil hoshiyali, oʻlchami 1200×200 millimetr boʻlgan, sariq rangli, nur qaytaruvchi toʻrtburchak shaklidagi belgi.

Koʻrsatilgan oʻlchamli belgini joylashtirishning imkoniyati boʻlmasa, bir xil ikkita 600×200 millimetr oʻlchamdagi belgini transport vositasining oʻqiga simmetrik ravishda oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi;

Avariya sababli toʻxtash” — davlat standarti talablari asosidagi uchburchak shaklidagi belgi;

Haydovchining xohishiga koʻra taniqlik belgilari oʻrnatilgan boʻlishi mumkin:

Shifokor” — shifokor-haydovchilar boshqarayotgan transport vositalarining old va orqa tomonlarida — tomonlari 140 millimetr boʻlgan, koʻk rangli, ichida diametri 125 millimetrli oq doiraga balandligi 90 millimetr, chizigʻining kengligi 25 millimetr boʻlgan qizil xoch tushirilgan kvadrat koʻrinishidagi belgi;

Nogironligi boʻlgan shaxs” — birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxs boshqarayotgan, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarni yoki nogironligi boʻlgan bolalarni tashiyotgan transport vositalarining old va orqa tomonlarida — barcha tomonlari 150 millimetrdan boʻlgan va ichiga 7.17 yoʻl belgisining qora rangli timsoli tushirilgan sariq rangli kvadrat koʻrinishidagi belgi;

Haydovchilikni endi boshlagan” — “Haydovchilik malakasi yetarli boʻlmagan” haydovchilik staji 2 yildan kam boʻlgan haydovchilar boshqarayotgan mexanik transport vositalarining (traktorlar, oʻziyurar mashinalar mototsikl, elektromototsikllar, mopedlar va skuterlardan, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalaridan tashqari) orqasida — ichiga qora rangli 110 millimetr balandlikdagi “!” belgisining tasviri tushirilgan, sariq rangli, tomonlari 150 millimetr boʻlgan kvadrat koʻrinishidagi belgi.

Ushbu bandda nazarda tutilgan taniqlik belgilardan boshqa taniqlik belgilarini oʻrnatish, shuningdek, transport vositasining kuzovi va oynalariga turli xil yozuvlar kiritish taqiqlanadi, transport vositasining kuzoviga reklama maqsadlarida belgilangan tartibda yozuvlar kiritish bundan mustasno.


177. Mexanik transport vositalarini shatakka olishda egiluvchan ulagichni koʻrsatadigan ogohlantiruvchi, oʻlchami 200×200 millimetr boʻlgan, diagonali boʻyicha ketma-ket joylashgan, kengligi 50 millimetrli qizil va oq rangli enli chiziqlar tushirilgan, yorugʻlik qaytaradigan yuzali bayroqchalar yoki kvadrat koʻrinishidagi belgi oʻrnatilishi kerak.

Egiluvchan ulagichga kamida ikkita taniqli belgisi oʻrnatiladi.


178. Qattiq ulagichli qurilmaning konstruksiyasi texnik tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga mos boʻlishi kerak.


179. Quyidagi hollarda transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi:

avtomobillar, avtobuslar, avtopoyezdlar, tirkamalar, mototsikllar, elektromototsikllar, mopedlar, skuterlar, kichik hajmdagi mototransport vositalari, velosipedlar, individual harakatlanish vositalari, traktorlar va boshqa oʻziyurar mashinalarning texnik holati va jihozlanishi transport vositalaridan foydalanishni taqiqlaydigan nosozliklar va shartlar roʻyxatining talablariga (3-ilovaga muvofiq) javob bermasa;

trolleybuslarda va tramvaylarda tegishli texnik foydalanish qoidalarida koʻzda tutilgan nosozliklardan birortasi boʻlsa;

transport vositalari belgilangan tartibda davlat texnik koʻrigidan oʻtmagan boʻlsa;

tegishli ruxsatsiz qayta jihozlangan boʻlsa (avtomototransport vositalarini qayta jihozlash uchun ruxsatnoma talab etilgan hollarda);

transport vositalari DYHXX ruxsatisiz yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishora bilan jihozlangan, kuzovining yon yuzalariga DYHXX bilan kelishilmasdan rangli boʻyoq chizmalar, qiya oq chiziqlar tortilgan, koʻzda tutilgan joylarga tegishli davlat raqam belgilari oʻrnatilmagan, agregat va qismlarining raqamlari yoki tegishli namunadagi roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqam belgilari koʻrinmaydigan, qalbakilashtirilgan, oʻzgartirilgan boʻlsa;

kuzovining yon yuzalariga yoʻnalishsiz taksining rangli rasmlar chizmasiga va (yoki) tomida taksi chirogʻiga ega boʻlgan transport vositalaridan, agar bunday transport vositasining haydovchisida belgilangan tartibda berilgan yoʻlovchilar tashishni amalga oshirish boʻyicha ruxsatnoma boʻlmasa;

sariq yoki zargʻaldoq rangli chiroq-mayoqcha bilan jihozlangan, DYHXXda qayd etilmagan transport vositalaridan (katta oʻlchamli yuklarni, portlovchi, oson alangalanadigan, radioaktiv va yuqori darajali xavfga ega boʻlgan moddalarni tashiyotgan transport vositalaridan tashqari).


180. Transport vositalarining texnik holatiga va ulardan foydalanishga javobgar boʻlgan mansabdor va boshqa shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

texnik nosoz, tegishli ruxsatsiz qayta jihozlangan, belgilangan tartibda roʻyxatdan va davlat texnik koʻrigidan oʻtkazilmagan yoki tegishli hujjatlarsiz transport vositalarini yoʻlga chiqarish;

mastlik (giyohvandlik moddalar, alkogol va boshqalar) holatida yoki sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori-darmonlar taʼsirida, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik yoki betoblik holatida, shuningdek tegishli toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqi boʻlmagan, belgilangan muddatda tibbiy koʻrikdan oʻtmagan shaxslarni transport vositasini boshqarishga qoʻyish;

zanjirli traktorlarni va boshqa oʻziyurar uskunalarni harakatlanish uchun asfalt yoki sement-beton qoplamali yoʻllarga chiqarish.


181. Yoʻllar, temir yoʻl kesishmalari va boshqa yoʻl inshootlarining holatiga javobgar boʻlgan mansabdor va boshqa shaxslar:

yoʻllar, temir yoʻl kesishmalari va boshqa yoʻl inshootlarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq harakatlanish uchun xavfsiz holatda saqlashga;

ommaviy axborot vositalari yordamida yoʻl harakatiga kiritilgan cheklovlar va oʻzgartirishlar haqida yoʻl harakati ishtirokchilarini xabardor qilishga;

yoʻl harakatiga xalaqit beradigan har qanday toʻsqinlik vujudga kelsa, ularni oʻz vaqtida bartaraf etish, yoʻlning ayrim qismlarida ulardan foydalanish yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan hollarda harakatni cheklash yoki taqiqlash choralarini koʻrishga majbur.


182. Yoʻllarda taʼmirlash ishlarini bajarishga javobgar boʻlgan mansabdor va boshqa shaxslar ishlar olib borilayotgan joylarda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga majbur. Bunday joylar, shuningdek, yoʻldan tashqariga olib chiqish imkoniyati boʻlmagan ish bajarmayotgan yoʻl mashinalari, qurilish materiallari, qurilma va shunga oʻxshashlar tegishli yoʻl belgilari, yoʻnaltiruvchi va toʻsuvchi moslamalar bilan, sutkaning qorongʻi vaqtida va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda esa qoʻshimcha qizil yoki sariq chiroqli ishoralar bilan belgilanishi kerak.

Taʼmirlash ishlari tugagandan soʻng transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatlanishi taʼminlangan boʻlishi kerak.


183. Qonunchilik hujjatlarida koʻzda tutilgan hollarda tegishli mansabdor va boshqa shaxslar tomonidan DYHXX bilan belgilangan tartibda quyidagilar kelishilishi shart:

shaharlarda va avtomobil yoʻllarida yoʻl harakatini tashkil etishni loyihalash, yoʻl harakatini tashkil etishning texnik vositalari bilan jihozlash va qayta jihozlash;

ushbu Qoidalarning 164-bandida keltirilgan transport vositalarining harakatlanishi;

roʻyxatdan oʻtkazilgan transport vositalari kontruksiyasiga yoʻl harakati xavfsizligi taʼminlanishiga taʼsir qiladigan oʻzgartirishlar kiritish;

yoʻnalishli transport vositalari yoʻnalishlari va bekatlarining joylashishi;

yoʻllarda ommaviy sport va boshqa tadbirlarni oʻtkazish;

transport vositalarini qayta jihozlash, ularga maxsus yorugʻlik va tovush ishoralarini oʻrnatish, transport vositalari kuzovi yuzalariga rangli rasmlar, yozuvlar va sxemalar, qiya oq chiziqlar tortish;

taʼmirlash ishlari olib boriladigan yoʻl uchastkalarida harakatni tashkil etish chizmasi;

yoʻllarni, temir yoʻllar kesishmalarini, shuningdek, avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalarini va yoʻllar boʻylab hamda yoʻl boʻyi hududlarida joylashgan boshqa inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash loyihalarini yoʻl harakatini tashkil etishga oid qism boʻyicha;

yoʻl va uning hududlarida har qanday obyektlarning loyihalarini;

boshqarishni oʻrgatish ruxsat etilgan yoʻllar roʻyxati va chizmasi;

harakat xavfsizligi boʻyicha mutaxassislarni, avtomototransport vositalari yoki shahar elektr transporti vositalarini boshqarishni oʻrgatish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar instruktori va haydovchilarni tayyorlash dasturlari;

tezlikning belgilangan meʼyordan oshirilishi yoki kamaytirilishi yuzasidan qarorlarni;

yoʻllarda sunʼiy notekislik va shlagbaumni oʻrnatish.

Baland piyodalar oʻtish joylarini tashkil etish.


184. Zargʻaldoq yoki sariq rangli miltillovchi chiroq-mayoqcha quyidagilarga oʻrnatiladi:

yoʻlda qurilish, taʼmirlash yoki tozalash ishlarini, shikastlangan, nosoz transport vositalarini ortish va tashish ishlarini bajarayotgan transport vositalariga;

katta hajmli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashishni amalga oshirayotgan transport vositalariga;

katta hajmli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashishni amalga oshirayotgan transport vositalarini kuzatib borayotgan transport vositalariga;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida mashq qilish tadbirlarini oʻtkazishda velosipedchilarning tashkiliy guruhlarini kuzatib borishni amalga oshirayotgan transport vositalariga.


185. Koʻk yoki qizil yoxud koʻk va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari tomiga, ustiga, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sharti bilan old yoki orqa tomoniga ham oʻrnatilishi mumkin.

Mahkamlash usullari transport vositasi har xil sharoitlarda harakatlanganda ham oʻrnatilgan chiroq-mayoqchalarning mustahkamligini taʼminlashi kerak.


186. Transport vositalarining barcha rangdagi chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlanganligi haqidagi maʼlumotlar avtomototransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi guvohnomada koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

Advertisement
Предыдущая статья28. VELOSIPED, MOPED VA ARAVALAR HARAKATLANIShIGA, ShUNINGDEK, HAYVONLARNI HAYDAB O’TIShGA DOIR QO’ShIMСhA TALABLAR
Следующая статья1. OGOHLANTIRUVСhI BELGILAR