2. HAYDOVСhILARNING UMUMIY VAZIFALARI

0
6583

7. Mexanik transport vositasining haydovchisi quyidagi hujjatlarni yonida olib yurishi va IIO xodimlari talab qilganda ularga tekshirish uchun berishi shart:

tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini, uning talonini (eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi boʻlsa), haydovchilik guvohnomasi belgilangan tartibda olib qoʻyilgan hollarda vaqtincha ruxsatnomani;

vaqtincha ruxsatnoma bilan transport vositasini boshqarishda haydovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatni;

transport vositasini, mavjud boʻlganda tirkamani roʻyxatdan oʻtkazish haqidagi guvohnomani;

transport vositasining egasi boʻlmagan hollarda esa umumiy egalik huquqini yoki tasarruf etish huquqini beruvchi, egalik qilishga va foydalanishga berilganligini tasdiqlovchi hujjatni, transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha haydovchilar soni cheklangan holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirilgan sugʻurta polisida koʻrsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar), shuningdek, haydovchilar soni cheklanmagan holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirilgan sugʻurta polisi mavjud boʻlganda transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) bundan mustasno;

transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisini (elektron koʻrinishda ham boʻlishi mumkin).

“Nogironligi boʻlgan shaxs” taniqli belgisi oʻrnatilgan transport vositasini birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxs boshqarayotganda nogironligini tasdiqlovchi hujjatni;

qonunchilik hujjatlarida koʻzda tutilgan hollarda litsenziya guvohnomasini, yuridik shaxs tomonidan berilgan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani yoki yoʻl varaqasini, tashilayotgan yuk hujjatlarini;

yuridik shaxslar transport vositalari haydovchilarining, shu jumladan yoʻlovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning malaka oshirishdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikati.

Xorijiy avtotransport vositalari haydovchilari esa qoʻshimcha:

“Avtotransport vositasini qaytarib olib chiqish toʻgʻrisidagi majburiyatnoma”ni;

oynalari tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositasining majburiy yigʻim qabul qilinganligi haqidagi kvitansiyani.

DYHXX xodimlari tomonidan quyidagi hujjatlar planshet orqali tekshiriladi:

avtomototransport vositasidan foydalanish va uni tasarruf etish toʻgʻrisidagi ishonchnoma (notarial tartibda tasdiqlangan boʻlsa);

avtotransport vositasi oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma;

transport vositasining texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot.

Mexanik transport vositasi haydovchisining yonida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari yoxud konsullik muassasalari tomonidan berilgan biometrik pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi mavjud boʻlgan taqdirda, uning transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjati, transport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yoʻqligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (yuridik shaxs tomonidan berilgan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma yoki yoʻl varaqasi, tashilayotgan yukning hujjatlar bundan mustasno), transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi haydovchidan talab etilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari yoxud konsullik muassasalari tomonidan berilgan biometrik pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi yonida boʻlgan haydovchilarning:

haydovchilik guvohnomasi;

transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi;

transport vositasiga egalik qilish, egasi yoʻqligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari;

avtotransport vositasi oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma;

transport vositasining texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni;

transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi planshet orqali tekshiriladi (planshetda aniqlash imkoni boʻlmagan hamda favqulodda holatlar bundan mustasno).


8. Haydovchi tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlishi shart:

A1” — moped va skuterlar, shuningdek, eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan, ish hajmi 25 sm3 gacha boʻlgan ichki yonuv dvigateliga ega boʻlgan yoki nominal (belgilangan) quvvati 0,25 kilovattgacha boʻlgan kichik hajmdagi mototransport vositalari (individual harakatlanish vositalari bundan mustasno);

A” — mototsikllar, elektromototsikllar;

B” — ruxsat etilgan toʻliq vazni 3 500 kilogrammdan oshmaydigan yoki haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni sakkiztadan ortiq boʻlmagan, shuningdek, ular bazasida ishlab chiqarilgan qoʻl bilan boshqariladigan avtotransport vositalari, tirkamasining ruxsat etilgan toʻliq vazni 750 kilogrammdan ortiq boʻlmagan “B” toifadagi avtotransport vositalari, tirkamasining ruxsat etilgan toʻliq vazni 750 kilogrammdan ortiq boʻlgan lekin “B” toifadagi avtotransport vositasining aslahalangan vaznidan ortiq boʻlmagan va avtotransport vositalari tarkibining ruxsat etilgan toʻliq vazni 3 500 kilogrammdan ortiq boʻlmagan tirkamali “B” toifadagi avtotransport vositalari;

C” — ruxsat etilgan toʻliq vazni 3 500 kilogrammdan ortiq boʻlgan avtotransport vositalari, tirkamasining ruxsat etilgan toʻliq vazni 750 kilogrammdan ortiq boʻlmagan “C” toifadagi avtotransport vositalari;

D” — yoʻlovchi tashishga moʻljallangan, haydovchi oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni sakkiztadan ortiq boʻlgan avtotransport vositalari, tirkamasining ruxsat etilgan toʻliq vazni 750 kilogrammdan ortiq boʻlmagan “D” toifadagi avtotransport vositalari;

BE” — tirkamasining ruxsat etilgan toʻliq vazni 750 kilogrammdan ortiq yoki tirkamasining ruxsat etilgan toʻliq vazni jihozlangan avtotransport vositasining vaznidan ortiq boʻlgan “B” toifadagi avtotransport vositalari, tirkamasining ruxsat etilgan toʻliq vazni 750 kilogrammdan ortiq lekin transport vositalari tarkibining ruxsat etilgan toʻliq vazni 3 500 kilogrammdan ortiq boʻlmagan “B” toifadagi avtotransport vositalari;

CE” — tirkamasining ruxsat etilgan toʻliq vazni 750 kilogrammdan ortiq boʻlgan “C” toifadagi avtotransport vositalari;

DE” — tirkamasining ruxsat etilgan toʻliq vazni 750 kilogrammdan ortiq boʻlgan “D” toifadagi avtotransport vositalari hamda boʻgʻimli avtobuslar.

Tramvay haydovchisiga faqat tramvay, trolleybus haydovchisiga faqat trolleybus boshqarishga ruxsat etiladi.

Tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi, eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi boʻlsa uning taloni mavjud boʻlganda, oʻziga tegishli boʻlmagan transport vositasini, uning egasi yonida boʻlganida yoxud avtomototransport vositasidan foydalanish va ularni tasarruf etish toʻgʻrisidagi ishonchnomasi boʻlgan shaxs ishtirokidagina (ularning roziligi bilan) boshqarish mumkin, agar transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi ushbu transport vositasidan cheklanmagan shaxslarning foydalanilishini hisobga olgan holda tuzilgan yoki transport vositasini boshqarayotgan shaxs sugʻurta polisida koʻrsatilgan boʻlsa.

Transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha haydovchilar soni cheklangan holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirilgan sugʻurta polisida koʻrsatilgan yoki haydovchilar soni cheklanmagan holda foydalanish sharti bilan rasmiylashtirilgan sugʻurta polisi mavjud boʻlganda transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) ushbu transport vositasidan mustaqil foydalanishi va uni boshqarishi mumkin. Bunda haydovchining transport vositasi egasining yaqin qarindoshi ekanligi DYHXX xodimlari tomonidan aniqlanadi.


9. Konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositasini boshqarayotgan haydovchi va uning old oʻrindigʻidagi yoʻlovchilar harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarlarini taqib olishlari shart.

Quyidagi shaxslarga xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladi:

avtomobilning orqa oʻrindigʻidagi 12 yoshgacha boʻlgan bolalar (ushbu Qoidalarning 159-bandiga muvofiq);

oʻquv-mashq transport vositasini oʻquvchi boshqarayotgan vaqtda avtomototransport vositasini yoki shahar elektr transportini boshqarishni oʻrgatuvchi amaliy mashgʻulotlar instruktori;

homilador ayollar, salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan bemorlar (Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan kasalliklar roʻyxatiga muvofiq va ushbu kasalliklar bilan kasallanganligi boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma mavjud boʻlganda);

xizmat vazifasini bajarayotgan xodimga biriktirilgan koʻk yoki qizil yoxud koʻk va qizil rangli yaltiroq mayoqchasi bilan jihozlangan hamda maxsus rangli boʻyoq sxemalar va yozuvlar bilan belgilangan transport vositalari haydovchisi va yoʻlovchilari.

Mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterda, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalarida harakatlanayotgan haydovchi hamda yoʻlovchilar maxsus motoshlem kiyishlari va uni qadab olishlari shart.


10. Respublika hududida harakatlanayotgan xorijiy davlat fuqarosi boshqaruvidagi mexanik transport vositasi haydovchisining yonida yoʻl harakati haqidagi Konvensiya talablariga mos keladigan haydovchilik guvohnomasi va transport vositasining (tirkama boʻlsa unga ham) roʻyxatdan oʻtganligi haqidagi hujjat, transport vositasida (tirkama boʻlsa unda ham) roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqam belgisi va u roʻyxatdan oʻtgan davlatning taniqlik belgisi boʻlishi shart.

Xalqaro yoʻllarda yuklarni tashishni amalga oshirayotgan xorijiy davlat fuqarosi hisoblangan haydovchi tegishli yoʻl belgisi bilan maxsus jihozlangan nazorat punktlarida transport sohasini nazorat qilish boʻyicha vakolatli xodimlarning talabiga muvofiq toʻxtashi va transport vositasini, shuningdek, ruxsatnomani va xalqaro kelishuvlarda nazarda tutilgan boshqa hujjatlarni tekshirish uchun ularga berishi shart.


11. Transport vositasining haydovchisi quyidagilarga majburdir:

a) yoʻlga chiqishdan oldin transport vositasining texnik sozligini, tozaligini va toʻliq jihozlanganligini tekshirishi;

b) harakatlanish vaqtida transport vositasining texnik sozligini taʼminlashi;

v) harakatlanishni boshlashdan oldin yoʻlovchilar transport vositasida joylarini egallaganligiga, transport vositasining eshiklari yopilganligiga, yoʻlovchilar tashish uchun maxsus jihozlangan yuk transport vositalarida yoʻlovchilar tashiyotganda Qoidalarning 24-bandi talablari bajarilganligiga ishonch hosil qilishi;

g) harakatlanish jarayonida boshqa yoʻl harakati ishtirokchilariga, ayniqsa, piyodalar, bolalar, nogironlar, qariyalar, individual harakatlanish vositalari va velosipedchilarga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini koʻrishi;

d) yoʻlovchilarni quyidagilar haqida ogohlantirishi shart:

harakatlanayotgan vaqtda avtomobil salonidan tana qismlarini (qoʻldan tashqari) chiqarish taqiqlanganligi;

transport vositasi harakatlanishni boshlashidan oldin xavfsizlik kamarlarini taqishlari (ushbu Qoidalarning 9-bandiga muvofiq), mototsikl, moped va skuterda, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalarida harakatlanayotganda esa motoshlem kiyishlari va uni qadab olishlari zarurligi;

e) sutkaning qorongʻi vaqtida va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda majburiy toʻxtagan transport vositasining haydovchisi taʼmirlash maqsadida yoʻlning qatnov qismiga chiqishdan oldin nur qaytargichli maxsus jilet kiyib olishi (yengil va yuk avtomobili, avtobus va gʻildirakli traktorlar haydovchilari);

yo) IIO xodimlarining talabiga koʻra mastlik holatini aniqlovchi maxsus tekshiruv yoki alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli taʼsir qiluvchi moddalar taʼsirida yoki oʻzgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan oʻtishi;

j) harakatlanish vaqtida avariya holatini yuzaga keltirmasliklari;

z) quyidagi hollarda foydalanish uchun transport vositasini berishi shart:

IIO, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan xollarda kechiktirib boʻlmaydigan xizmat vazifalarini bajarish uchun, shuningdek, yoʻl-transport hodisasi tufayli shikastlangan yoki nosoz transport vositalarini olib ketish (shatakka olish) uchun (faqat yuk avtomobilidan);

yoʻlakay yoʻnalishda kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatishga ketayotgan tibbiyot xodimlariga hamda zudlik bilan tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan fuqarolarni davolash-profilaktika muassasasiga olib borish uchun.

Xorijiy davlatlarning diplomatik, konsullik vakolatxonalariga va boshqa vakolatxonalariga hamda xalqaro tashkilotlarga tegishli transport vositalari, shuningdek yongʻin uchirish, konvoy, inkassator xizmatlarining transport vositalaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Transport vositasidan foydalangan shaxs haydovchi talab qilganda yoʻl varaqasiga yurilgan vaqtni, bosib oʻtilgan masofani, oʻz ismi-familiyasi, mansabi, ish joyi nomini, yoʻl varaqasi boʻlmagan taqdirda, belgilangan tartibda maʼlumot yoki xabar yozib berishi kerak.

Transport vositalarini tekshirish yoki undan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar haydovchining talabiga muvofiq oʻz xizmat guvohnomasini koʻrsatishi shart.

Xizmat vaqtida haydovchiga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar uning talabiga koʻra qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tiklab beriladi;

i) qonunchilik hujjatlarida talab qilingan hollarda vazn va hajm parametrlarini oʻlchash uchun nazorat joylari (punkt)dan oʻtishi.


12. Haydovchiga quyidagilar taqiqlanadi:

transport vositasini spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli taʼsir qiluvchi moddalar taʼsirida yoki oʻzgacha tarzda mast holatda, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori-darmonlar taʼsirida, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik va betoblik holatida boshqarish;

har qanday mastlik holatida, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori-darmonlar taʼsirida, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik va betoblik holatida boʻlgan, shuningdek, tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi boʻlmagan, yoʻl varaqasida yoki transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisida ism-familiyasi koʻrsatilmagan (transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha shartnoma ushbu transport vositasidan cheklanmagan shaxslarning foydalanilishini hisobga olgan holda tuzilgan hollardan tashqari) shaxslarga transport vositasini boshqarish uchun topshirish;

tormoz tizimi, rul boshqaruvi ishlamayotgan, ulagich moslamasi (avtopoyezd tarkibida) nosoz boʻlgan, sutkaning qorongʻi vaqtida yoki koʻrinish cheklangan vaziyatlarda yonmaydigan fara chiroqlari va orqa gabarit fara chiroqlari, yomgʻir yoki qor yogʻayotgan vaqtda oyna tozalagich ishlamaydigan transport vositasini boshqarish;

tegishli ruxsatsiz transport vositalariga maxsus texnik jihoz (ratsiya, sirena va shu kabilar)lar oʻrnatish;

transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi, shu jumladan piyodalar jamlanmalari harakatiga xalaqit berish va ular orasiga kirish;

transport vositasini boshqarish paytida telefondan (telefondan quloqchinlar orqali va qoʻllarni ishlatmasdan turib soʻzlashuvlar olib borish imkoniyatini beradigan boshqa uskunalar orqali foydalanish bundan mustasno), transport vositasi salonining old qismiga oʻrnatilgan tele, videomonitordan tele, videodasturlarni tomosha qilish uchun foydalanish;

aholi punktlarida transport vositalarining magnitofon va ovoz chiqaruvchi boshqa apparaturalarni hamda dvigatel shovqinini belgilangan meʼyordan baland ovozda qilib foydalanish.

konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan hollarda oʻzi tomonidan xavfsizlik kamari taqilmagan, mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterda, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalarida esa motoshlem kiyilmagan va qadab olinmagan holda boshqarish;

avtomobil salonidan oʻzining tana qismlarini (qoʻldan tashqari) chiqargan holda harakatlanish;

Harakatlanish vaqtida ushbu Qoidalarga 3-ilovada koʻrsatilgan transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlar yuzaga kelganda, haydovchi ularni bartaraf etishi, agar buning iloji boʻlmasa, zarur boʻlgan ehtiyot choralarini koʻrgan holda taʼmirlash yoki toʻxtab turish joyiga evakuator yoki shatakka olish orqali transport vositasini olib borish choralarini koʻrishi mumkin.


121. Individual harakatlanish vositalarini boshqaradigan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

velosipedchilar uchun tasma yoki piyoda va velosiped yoʻlkasi mavjud boʻlganda (ularda harakatlanishining imkoni boʻlmagan holatlar bundan mustasno) yoʻlning qatnov qismida, yoʻl yoqalarida yoki qatnov qismining chetida harakatlanish;

uzunligi yoki kengligi 0,5 metrdan ortiq tashqariga chiqadigan yoki boshqaruvga xalaqit beradigan yuklarni tashish;

piyodalar oʻtish joyida harakatlanishi (individual harakatlanish vositalarini yetaklab oʻtish holatlari bundan mustasno);

14 yoshdan kichik shaxslarning boshqarishi (turar joy dahalari, istirohat va hayvonot bogʻlari, bolalar maydonchalari, koʻngilochar joylarda hamda yopiq hududlarda boshqarish bundan mustasno);

spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli taʼsir qiluvchi moddalar taʼsirida yoki oʻzgacha tarzda mast holatda, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori-darmonlar taʼsirida, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik va betoblik holatida boshqarish;

bir yoki bir nechta individual harakatlanish vositalarini shatakka olish;

tormoz tizimi, rul boshqaruvi, tovushli ishorasi, shuningdek, sutkaning qorongʻi vaqtida yoki koʻrinish cheklangan vaziyatlarda nosoz fara chiroqlari yoki fonarlar hamda orqa fara chiroqlari ishlamaydigan yoki nur qaytargichlar bilan jihozlanmagan individual harakatlanish vositalarini boshqarish;

rulni ushlamasdan yoki bir qoʻlda ushlab harakatlanish (rul boshqaruvi mavjud boʻlgan individual harakatlanish vositalari uchun);

odam tashish;

telefondan foydalanish.


122. Individual harakatlanish vositalarini boshqaradigan shaxslar:

harakat davomida yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilishi;

trotuarlardan, piyodalar yoʻlkalaridan, piyoda va velosiped yoʻlkalaridan soatiga 10 kilometr tezlikdan yuqori boʻlmagan holatda, ular boʻlmaganda esa yoʻlning oʻng chetki qismida soatiga 20 kilometr tezlikdan yuqori boʻlmagan holatda harakatlanishi;

turar joy dahalaridan chiqish vaqtida boshqa harakat qatnashchilariga yoʻl berishi;​​​​​​

qatʼiy ravishda harakat yoʻnalishi boʻyicha boshqarish kerak.


123. Agar velosipedchilar uchun tasma yoki piyoda va velosiped yoʻlkasida individual harakatlanish vositalarini boshqarayotgan shaxsning harakati piyodalarning harakatiga xavf tugʻdirsa yoki xalaqit bersa, u individual harakatlanish vositalaridan tushib, individual harakatlanish vositalarini yetaklagan yoki tezlikni piyodalar tezligidan oshmaydigan tezlikka pasaytirgan holda harakatni davom ettirishi kerak.

Individual harakatlanish vositalarini boshqargan shaxslarning harakatlanishi piyodalarning harakatlanishi bilan birlashganda, barcha holatlarda piyodalar ustunlikka (imtiyozga) ega.

Velosipedchilar uchun tasma yoki piyoda va velosiped yoʻlkasida individual harakatlanish vositalarida harakatlanayotgan shaxslar boshqa mexanik transport vositalariga nisbatan ustunlikka (imtiyozga) ega.

Advertisement
Предыдущая статья1. UMUMIY QOIDALAR
Следующая статья3. YO’L-TRANSPORT HODISASI SODIR BO’LGANDA HAYDOVСhINING MAJBURIYaTLARI