26. ODAM TAShISh

0
4483

152. Odam tashish uchun moʻljallangan yuk avtomobilining yukxonasida odam tashish “C” toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlgan (odamlar soni kabinadagi yoʻlovchilarni ham qoʻshib hisoblaganda 8 nafardan ortiq boʻlmasa) va shu toifadagi transport vositasini kamida 3 yil davomida boshqargan haydovchilar tomonidan amalga oshirilishi kerak.

Yuk transport vositalarining yukxonasida tashiladigan odamlar soni kabinadagi yoʻlovchilarni ham qoʻshib hisoblaganda 8 nafardan ortiq boʻlganda, haydovchi mazkur bandning birinchi xatboshida belgilangan talablarga qoʻshimcha “D” toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqiga ham ega boʻlishi kerak.

Harbiy haydovchilarning yuk avtomobillarida odam tashishiga ruxsat berish Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.


153. Odam tashish uchun moʻljallangan yuk avtomobili yukxonasining borti 1,3 metrdan kam boʻlmasligi shart. Bunda yukxonaning pastki qismidan 0,3 — 0,5 metr balandlikda mahkamlangan oʻrindiqlar jihozlangan boʻlishi kerak.


154. Odam tashish uchun moslashtirilmagan yuk avtomobillarining yukxonasida faqat yukni olish uchun borayotgan yoki uni kuzatib borayotgan shaxslarning boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi, bunda ular bort sathidan pastda oʻtirish uchun oʻrindiqlar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.


155. Shaharlararo, sayyohlik, ekskursiya yoki togʻli yoʻnalishlarda va bolalar guruhini tashkiliy ravishda tashish Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-maydagi 424-son qarori hamda 2003-yil 4-noyabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida avtobuslarda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga doir talablarga muvofiq amalga oshiriladi.


156. Bolalar guruhini tashkiliy tashishda avtobus (mikroavtobus)da katta yoshli kuzatib boruvchi(lar) boʻlishi shart.

Bunday avtobus (mikroavtobus)larning oldi va orqa tomoniga “Bolalar guruhini tashish” taniqlik belgisi oʻrnatilishi kerak.


157. Harakatni boshlashdan oldin haydovchi yoʻlovchilarga xavfsizlik choralari, avtomobilga chiqish, undan tushish va unga joylashish tartibi haqida tushuncha berishi kerak.

Haydovchi harakatni boshlashdan oldin yoʻlovchilarni xavfsiz tashish sharoiti taʼminlanganligiga ishonch hosil qilishi kerak.


158. Haydovchi transport vositasi toʻliq toʻxtagandan keyin yoʻlovchilarning chiqishi va tushishida ularning xavfsizligini taʼminlashi kerak. Eshiklar yopilgandan soʻng harakatlanishni boshlashi va toʻliq toʻxtamaguncha ularni ochmasligi shart.


159. Odamlarni tashish quyidagi hollarda taqiqlanadi:

bolalarni yuk avtomobillarining yukxonasida;

transport vositasining kabinasidan tashqarida (odam tashish uchun moʻljallangan bortli yuk yoki furgon-yuk xonali avtomobillar bundan mustasno);

Traktorlar va boshqa oʻziyurar uskunalar, yuk tashiladigan tirkamalar, tirkama-uycha, yuk mototsikllari, elektromototsikllar, mopedlar va skuterlar, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalarining yukxonasida;

Mototsikllar, elektromototsikllar, mopedlar va skuterlarning, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalarining konstruksiyasida koʻzda tutilgan joylardan tashqarida;

12 yoshga toʻlmagan bolalarni mototsikl, elektromototsikl, moped va skuterning, kichik hajmdagi mototransport vositalarining orqa oʻrindigʻida, shuningdek, bolalarni ushlab turuvchi maxsus qurilma oʻrnatilmagan transport vositasining old oʻrindigʻida;

odam soni transport vositasining texnik tavsifnomasida koʻzda tutilgan miqdordan ortiq boʻlganda.

Bunda transport vositasining haqiqiy vazni uni ishlab chiqargan korxona belgilagan ruxsat etilgan vazndan oshmasligi kerak.

Advertisement
Предыдущая статья25. TRANSPORT VOSITALARINI BOShQARIShNI O’RGATISh
Следующая статья27. YuK TAShISh