1. Ushbu Yoʻl harakati qoidalari (keyingi oʻrinlarda — Qoidalar) Oʻzbekiston Respublikasi hududida yoʻl harakatining yagona tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi yoʻllarida transport vositalarining oʻng tomonlama harakatlanish tartibi belgilangan.
3. Yoʻl harakati ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Qonunini, ushbu Qoidalarni va ularda keltirilgan svetofor ishoralari, yoʻl belgilari (ushbu Qoidalarga 1-ilova), yoʻl chiziqlarining (ushbu Qoidalarga 2-ilova) talablarini bilishlari, ularga amal qilishlari, shuningdek, ularga berilgan vakolat doirasida yoʻllarda harakatni tartibga soluvchilarning koʻrsatmalarini soʻzsiz bajarishlari shart.
4. Yoʻl harakati ishtirokchilari yoʻldagi boshqa harakat ishtirokchilarining harakatlanishiga toʻsqinlik qilmasligi va xavf tugʻdirmasliklari kerak.
Tegishli vakolatga ega boʻlmagan yuridik va jismoniy shaxslarga yoʻl qoplamasini buzish, oʻzgartirish yoki unga zarar yetkazish, ifloslantirish, yoʻl belgilarini, svetoforlarni, shuningdek, yoʻl harakatini tashkil etishning boshqa texnik vositalarini oʻzboshimchalik bilan olib tashlash, oʻrnatish, toʻsib qoʻyish, shikastlantirish, yoʻllarda harakatlanishga toʻsqinlik qiluvchi qurilma va narsalarni qoldirish, tegishli ruxsatsiz yoʻlning qatnov qismiga toʻsiqlar oʻrnatish yoki ularni toʻsib qoʻyish, “sunʼiy notekislik” qurilmalarini oʻrnatish taqiqlanadi.
Harakatlanishga toʻsqinlikni yuzaga keltiradigan shaxs uni tezda bartaraf qilish uchun imkoniyati darajasida barcha choralarni koʻrishi, agar buning iloji boʻlmasa, mavjud barcha vositalar bilan xavf-xatar haqida yoʻl harakati ishtirokchilarini ogohlantirishi va ichki ishlar organlariga (keyingi oʻrinlarda — IIO) xabar berishi shart.
5. Mazkur Qoidalarni buzgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
6. Qoidalarda quyidagi asosiy tushuncha va atamalardan foydalaniladi:
avariya holatini yuzaga keltirish — yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilarini harakat yoʻnalishi yoki tezligini keskin oʻzgartirishga, shuningdek, oʻz xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolar xavfsizligini taʼminlash uchun oʻzga choralarni koʻrishga majbur qilish;
avtomagistral — 5.1. yoʻl belgisi bilan belgilangan, har bir yoʻnalishning qatnov qismlari ajratuvchi mintaqa bilan ajratilgan (u boʻlmaganda, yoʻl toʻsiqlari bilan) hamda boshqa yoʻllar, tramvay va temir yoʻllar, piyoda va velosiped yoʻlkalari bilan bir sathda kesishmaydigan yoʻl;
avtopoyezd — ulagich moslamalari bilan ulangan egarli shatakka oluvchi va yarim tirkama yoki yuk avtomobili hamda tirkama (tirkamalar)dan iborat transport vositasi tarkibi;
ajratuvchi mintaqa — yoʻlning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki toʻxtashi uchun moʻljallanmagan, yoʻl sathidan koʻtarilgan yoki maysazor, ariq, maxsus toʻsiqlar bilan ajratilgan baland qismi;
arava — otga (yoki boshqa hayvonlarga) qoʻshib tortiladigan yoki odam mushak kuchi bilan harakatga keltiriladigan dvigatel bilan jihozlanmagan, yuk tashishga moʻljallangan qurilma;
asosiy yoʻl — tuproqli yoki shagʻalli yoʻlga nisbatan qattiq qoplamali (asfalt, sement-betonli va shunga oʻxshashlar yotqizilgan), kesishayotgan yoki tutashgan yoʻlga nisbatan 2.1, 2.3.1 — 2.3.3 yoki 5.1 yoʻl belgilari bilan belgilangan yoxud yondosh hududdan chiqadigan yoʻlga nisbatan har qanday yoʻl. Ikkinchi darajali yoʻlning bevosita chorrahaga tutash qismining qoplamali boʻlishi uni asosiy yoʻl bilan teng huquqli qilmaydi;
aholi punkti — kirish va chiqish yoʻllari 5.22 — 5.25 yoʻl belgilari bilan belgilangan hudud;
bolalar guruhini tashkiliy tashish — yoʻnalishli transport vositalariga daxli boʻlmagan avtobuslarda sakkiz va undan ortiq bolalarning tashkil etilgan tartibda tashilishi;
velosiped — kamida ikkita gʻildirakka ega boʻlgan va odatda minib olgan shaxs(lar)ning muskul kuchi bilan, xususan, tepkilar yoki dastaklar yordamida harakatlantiriladigan transport vositasi (nogironligi boʻlgan shaxslar kajavasidan tashqari). Velosiped nominal (belgilangan) quvvati 0,25 kilovattdan, tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan dvigatelga ega boʻlishi mumkin;
velosipedchi — velosipedni boshqaradigan shaxs;
velosiped yoʻlkasi — alohida yoʻl yoki konstruktiv jihatdan qatnov qismi va trotuardan ajratilgan yoʻlning tarkibiy qismi boʻlib, tegishli yoʻl belgisi bilan belgilanadi;
velosipedchilar uchun tasma — yoʻlning boshqa qismlaridan yoʻl chizigʻi bilan ajratilgan, tegishli yoʻl belgilari bilan belgilangan yoʻl qismi boʻlib, faqat velosiped va individual harakatlanish vositalari harakatlanishi uchun moʻljallangan;
gibrid avtomobil — ichki yonuv dvigateli va (yoki) tashqi elektr manbai orqali zaryadlanuvchi elektr motor yordamida harakatlanuvchi transport vositasi;
yetarlicha koʻrinmaslik — yomgʻir, qor yogʻishi, tuman tushishi va shunga oʻxshash sharoitlarda, shuningdek, kunning gʻira-shira vaqtida yoʻlning koʻrinish masofasi 300 metrdan kam boʻlishi;
yondosh hudud — bevosita yoʻlga tutashgan va transport vositalari oʻtib ketishi uchun moʻljallanmagan hudud (hovlilar, mahallalar, turar joy dahalari, transport vositasi toʻxtab turish joylari, yonilgʻi quyish shoxobchalari, korxona va shunga oʻxshashlar).
Yondosh hududdan chiqayotgan transport vositalari barcha yoʻl harakati ishtirokchilariga yoʻl berishi shart;
imtiyoz — moʻljallangan yoʻnalishda boshqa yoʻl harakati ishtirokchilariga nisbatan oldin harakatlanish huquqi;
individual harakatlanish vositalari — dvigatel (dvigatellar) (elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monogʻildirak va boshqa shunga oʻxshash vositalar) yordamida odamning individual harakatlanishi uchun moʻljallangan bir yoki bir nechta gʻildiraklari (roliklari) boʻlgan transport vositasi;
yoʻl — transport vositalari va piyodalar harakatlanishi uchun jihozlangan, moslashtirilgan hamda transport vositalari va piyodalarning harakat xavfsizligini taʼminlashga moʻljallangan, yoʻl obyektlari majmuasini joylashtirish uchun ajratilgan yer uchastkalari hamda yer uchastkalari ustidagi boʻshliq yoʻl.
Yoʻllar umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllariga (bundan buyon matnda umumiy foydalanishdagi yoʻllar deb yuritiladi), tumanlar (shaharlar), shaharchalar, qishloqlar va ovullarning koʻchalariga, xoʻjalik yoʻllariga, shahar elektr transporti yoʻllariga, velosiped va piyodalar yoʻlkalariga ajratiladi.
Qishloq joylardan oʻtadigan va xoʻjaliklarni oʻzaro bogʻlaydigan yoʻllar xoʻjaliklararo qishloq yoʻllaridir;
yoʻlovchi — transport vositasidagi (haydovchidan tashqari) shaxs, shuningdek, transport vositasiga kirayotgan (unga chiqib oʻtirayotgan) yoki transport vositasidan chiqayotgan (undan tushayotgan) shaxs;
yoʻl berish (toʻsqinlik qilmaslik) — yoʻl harakati ishtirokchilariga nisbatan imtiyozi boʻlgan boshqa yoʻl harakati ishtirokchisining harakat yoʻnalishi yoki tezligini oʻzgartirishga majbur etishi mumkin boʻlgan hollarda, harakatni davom ettirmasligini yoki boshlamasligini, biror-bir manyovr bajarishi mumkin emasligini bildiruvchi talab;
yoʻl yoqasi — yoʻlning qatnov qismiga u bilan bir sathda bevosita tutashgan, qoplama turi bilan farq qiladigan yoki 1.1 yoʻl chizigʻi yordamida ajratilgan, ushbu Qoidalarga muvofiq harakatlanish, toʻxtash va toʻxtab turish uchun moʻljallangan boʻlagi;
yoʻnalishli transport vositasi — belgilangan yoʻnalishi va bekatlari boʻlgan, yoʻlovchi tashish uchun moʻljallangan umumiy foydalanishdagi transport vositalari (trolleybus, tramvay, avtobus, yoʻnalishli taksi);
yoʻl-transport hodisasi — transport vositasining yoʻlda harakatlanish jarayonida va uning ishtirokida sodir boʻlgan, fuqarolar vafot etgan yoki ularning sogʻligʻiga zarar yetkazilgan, transport vositalari, inshootlar, yuklar shikastlangan yoxud boshqa moddiy zarar yetkazilgan hodisa;
yoʻl harakati — yoʻl harakatini tashkil etishda yoʻllar doirasida transport vositalari va yoʻl harakati ishtirokchilari ishtirokida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlar majmui;
yoʻl harakati ishtirokchisi — yoʻl harakati jarayonida transport vositasining haydovchisi, yoʻlovchisi yoki piyoda sifatida bevosita ishtirok etayotgan shaxs;
yoʻl harakatini tashkil etish — yoʻllarda harakatni boshqarish hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tashkiliy-huquqiy, tashkiliy-texnika tadbirlar va boshqaruv harakatlari majmui;
yoʻl harakatini tashkil etishning texnik vositalari — yoʻl harakatini tashkil etish uchun moʻljallangan qurilmalar va inshootlar (yoʻl belgilari, harakatlanish polosalari, svetoforlar, miltillovchi mayoqchalar, yoʻl chiziqlari, yoʻl ustunlari, toʻsiqlar, tezlikni cheklovchi qurilmalar, shlagbaumlar, xavfsizlik orolchalari, yoʻl harakatini avtomatik boshqarish tizimlari (vositalari), shuningdek, boshqa qurilmalar va inshootlar);
yoʻl harakati xavfsizligi — yoʻl harakati ishtirokchilarining yoʻl-transport hodisalari va ularning oqibatlaridan himoyalanganlik darajasini aks ettiruvchi yoʻl harakati holati;
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash — yoʻl-transport hodisalarining kelib chiqish sabablarining oldini olishga, ularning ogʻir oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan faoliyat;
kichik hajmdagi mototransport vositalari — eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan, ish hajmi 25 sm3 gacha boʻlgan ichki yonuv dvigateliga ega boʻlgan yoki nominal (belgilangan) quvvati 0,25 kilovattgacha boʻlgan (individual harakatlanish vositalari bundan mustasno) oshmaydigan ikki yoki uch (toʻrt) gʻildirakli transport vositalari;
koʻrinishi cheklangan joylar — joylardagi past-balandliklar, burilishlar, oʻsimliklar, daraxtlar, qurilishlar, inshootlar yoki boshqa obyektlar, shu jumladan, transport vositalari tufayli harakatlanish yoʻnalishida yoʻl koʻrinishining cheklanishi;
majburiy toʻxtash — texnik nuqson, tashilayotgan yuk, haydovchi va yoʻlovchining holati, yoʻldagi biror toʻsiq tufayli xavf yuzaga kelganda yoxud ob-havo sharoitiga bogʻliq holda transport vositasi harakatini toʻxtatish. Haydovchining ushbu xatti-harakati oxirgi zarur chora boʻlib, qoidabuzarlik deb eʼtirof etilmaydi;
mexanik transport vositasi — dvigatel bilan harakatga keltiriladigan transport vositasi. Bu atama barcha traktor va oʻzi yurar moslamalarga ham taalluqlidir;
moped — dvigatelining ish hajmi 25 sm3 va undan ortiq, lekin 50 sm3dan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometr va undan ortiq, 50 kilometrdan oshmaydigan ikki yoki uch (toʻrt) gʻildirakli transport vositasi. Xuddi shunday tavsiflarga ega boʻlgan kvadritsikl (kvadrotsikl), tritsikl hamda yoʻlning qatnov qismida harakatlanishga moslashtirilgan boshqa transport vositalari mopedlarga tenglashtiriladi;
mototsikl — dvigatelining ish hajmi 50 sm3 va undan oshadigan, konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometr va undan oshadigan, yon tirkamasiz yoki yon tirkamali (kajavali) ikki yoxud uch (toʻrt) gʻildirakli transport vositasi;
ogohlantiruvchi ishoralar — avariya holatlarining oldini olish maqsadida, shuningdek, harakat yoʻnalishini oʻzgartirishda, toʻxtatishda qoʻllaniladigan ishoralar;
piyoda — transport vositasidan tashqarida boʻlgan va yoʻlda biror-bir yumush bilan band boʻlmagan shaxs. Nogironligi boʻlgan shaxslarning dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan, velosiped, moped, mototsikl, elektromototsikl, skuter, kichik hajmdagi mototransport vositalari, individual harakatlanish vositalari, chana, aravacha va bolalar yoki nogironligi boʻlgan shaxslar aravachasini yetaklagan, shuningdek, harakatlanish uchun rolikli konkilar, dvigatelsiz samokatlar va boshqa shularga oʻxshash vositalardan foydalanayotgan shaxslar ham piyodalarga tenglashtiriladi;
piyoda va velosiped yoʻlkasi — qatnov qismidan ajratilgan, velosipedchilar, individual harakatlanish vositalarini boshqarayotgan shaxslarning va piyodalarning alohida-alohida yoki birgalikda harakatlanishi uchun moʻljallangan va 4.6.1 — 4.6.6 yoʻl belgilari oʻrnatilgan yoʻlning tarkibiy qismi yoxud alohida yoʻl;
piyodalar yoʻlkasi — piyodalar harakatlanishi uchun qurilgan yoki moslashtirilgan, tegishli yoʻl belgisi bilan belgilangan alohida yoʻl yoki sunʼiy inshoot yuzasi. Transport vositalari harakati taqiqlangan qismi;
piyodalarning tashkiliy jamlanmasi — Qoidalarning 16-bandi talablariga muvofiq yoʻlda bir yoʻnalishda birgalikda harakatlanayotgan odamlar guruhi;
piyodalar oʻtish joyi — qatnov qismidagi 5.16.1, 5.16.2, 5.48 yoʻl belgilari va 1.14.1 — 1.14.4 yoki 1.29.1 — 1.29.3 yoʻl chiziqlari bilan belgilangan va piyodalar yoʻlni kesib oʻtishda harakatlanishlari uchun ajratilgan joy.
Yoʻl chiziqlari boʻlmasa, piyodalar oʻtish joyining kengligi 5.16.1 va 5.16.2 yoʻl belgilari orasidagi masofa bilan aniqlanadi;
pulli toʻxtab turish joyi — toʻlov asosida foydalaniladigan toʻxtab turish joyi;
reversiv harakatlanish — qatnov qismining maxsus ajratilgan, 5.35 — 5.37 yoʻl belgilari, 1.9 yoʻl chizigʻi bilan belgilangan va ustida reversiv svetofor oʻrnatilgan boʻlagida harakatlanish yoʻnalishining qarama-qarshi tomonga oʻzgarishi;
ruxsat etilgan toʻliq vazn — jihozlangan transport vositasining ishlab chiqargan korxona tomonidan belgilangan yuk, haydovchi va yoʻlovchilari bilan birgalikdagi eng yuqori vazni (oʻlchovi).
Bir tarkibda harakatlanayotgan (tirkama va boshqalar) transport vositalarining ruxsat etilgan toʻliq vazniga shu tarkibga kiruvchi transport vositalarining ruxsat etilgan toʻliq vaznlari yigʻindisi kiradi;
skuter — elektrodvigatelining quvvati 0,25 kilovatt va undan ortiq, lekin 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan ortiq, biroq 50 kilometrdan oshmaydigan ikki yoki uch (toʻrt) gʻildirakli transport vositasi. Xuddi shunday tavsiflarga ega boʻlgan kvadritsikl (kvadrotsikl), tritsikl hamda yoʻlning qatnov qismida harakatlanishiga moslashtirilgan boshqa transport vositalari skuterlarga tenglashtiriladi;
sutkaning qorongʻi vaqti — kechki gʻira-shiraning oxiridan tonggi gʻira-shiraning boshlanishigacha boʻlgan oraliqdagi vaqt;
tartibga soluvchi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining (keyingi oʻrinlarda — DYHXX), harbiy avtomobil nazorati organlari xodimi, oʻz xizmat vazifalarini bajarayotgan, ushbu Qoidalarda koʻzda tutilgan ishoralar yordamida yoʻl harakatini tartibga solish vakolatiga ega boʻlgan va uni bevosita amalga oshirayotgan yoʻldan foydalanish xizmati xodimlari, temir yoʻl kesishmasi va sol kechuvlaridagi navbatchilar hamda jamoatchilik vakillari. Tartibga soluvchi maxsus kiyim va (yoki) taniqlik belgisi (qoʻl bogʻichi, jezl, qizil ishorali yorugʻlik qaytargich, qizil chiroq yoki bayroqcha)ga ega boʻlishi shart;
tashuvchi — mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda transport vositasiga egalik qiladigan, qonunchilikka muvofiq yoʻlovchilarni hamda ularning mol-mulkini tijorat asosida tashish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadigan va buning uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlgan yoxud ruxsat etish xususiyatiga ega hujjati boʻlgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor (oʻzini oʻzi band qilgan shaxs);
temir yoʻl kesishmasi — yoʻlning temir yoʻllar bilan bir sathda kesishgan joyi;
tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositasi — tezkor vazifalarni bajarishga moʻljallangan, koʻk yoki qizil yoxud koʻk va qizil rangli yaltiroq mayoqcha bilan jihozlangan hamda maxsus rangli boʻyoq sxemalar va yozuvlar bilan belgilangan transport vositasi;
tirkama — mexanik transport vositasi tarkibida harakatlanishga moʻljallangan va dvigatel bilan jihozlanmagan transport vositasi. Ushbu atama yarim tirkama va uzaytiriladigan tirkamalarga ham taalluqlidir;
transport vositasi — yoʻlovchilarning, bagajning, yuk bagajining, yuklarning, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining yoki maxsus ishlarni amalga oshirish uchun uskunalarning yoʻllarda harakatlanishi yoki tashilishi uchun moʻljallangan qurilma;
transport vositasining egasi — transport vositasiga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida egalik qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi — oldida koʻk yoki qizil yoxud koʻk va qizil rangli yaltiroq mayoqchasi yoqilgan transport vositasi kuzatib borayotgan, bevosita bir-birining ketidan, bitta harakatlanish boʻlagida, yaqinni yorituvchi faralar chiroqlarini yoqib kelayotgan, uch va undan ortiq mexanik transport vositalari guruhi;
transport vositalarining toʻxtab turish joylari — (bundan buyon matnda toʻxtab turish joyi deb yuritiladi) — transport vositalarini vaqtincha yoki doimiy saqlash uchun moʻljallangan, yoʻlning kengaytirilib qatnov qismidan ajratilgan uchastkasi, bino, inshoot (ularning bir qismi), maxsus ochiq maydoncha;
trotuar — qatnov qismiga tutashgan yoki undan maysazor, ariq, maxsus toʻsiqlar bilan ajratilgan va piyodalarning harakatlanishi uchun moʻljallangan yoʻl qismi;
toʻsiq — yoʻlning qatnov qismida harakatsiz holda boʻlgan jism (buzilib qolgan transport vositasi, tushib qolgan yuk, yiqilgan daraxt va boshqalar).
Tirbandlik tufayli yoki Qoidalar talabiga binoan ushbu tasmada toʻxtagan transport vositasi toʻsiq hisoblanmaydi;
toʻxtab turish — transport vositasiga yoʻlovchilarni chiqarish yoki tushirish, yuk ortish yoki tushirish bilan bogʻliq boʻlmagan hollarda harakatni 10 daqiqadan koʻproq vaqtga atayin toʻxtatish;
toʻxtash — transport vositasi harakatini 10 daqiqagacha boʻlgan muddatga toʻxtatish (harakatsiz holatga keltirish);
foto va video qayd etish — yoʻl harakati qoidalari buzilishini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnik vositalari, shuningdek, videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalar yordamida qayd etish;
xavf — yoʻl harakati xavfsizligiga xavf soluvchi har qanday omil;
xavfli yuk — oʻziga xos xossalari va xususiyatlari tufayli muayyan omillar mavjud boʻlgan taqdirda tashish, yuk ortish-tushirish ishlari jarayonida tashilayotgan yuklar, texnika vositalari, qurilmalar, bino va inshootlar, boshqa obyektlarning portlashi, yonishi yoki shikastlanishiga, shuningdek odamlar hayoti va sogʻligʻiga, atrof-muhitga zarar yetkazilishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan moddalar, materiallar, buyumlar, chiqindilar;
xavfsizlik orolchasi — harakatlanish tasmalarini (shu jumladan velosipedchilar tasmalarini) ajratuvchi, konstruksiyasiga koʻra qatnov qismi ustiga bordyur toshlari bilan koʻtarilgan yoki harakatni tashkil etish texnik vositalari bilan belgilangan qatnov qismidan oʻtayotgan piyodalar, talab qilingan holda toʻxtab oʻtishlari uchun moʻljallangan yoʻl qurilmasi. Ajratuvchi mintaqa oraligʻidan oʻtkazilgan piyodalar oʻtish joyi ham xavfsizlik orolchasi hisoblanadi. Ikki tomonlama harakatlanishli yoʻllarda qarama — qarshi yoʻnalishlarni ajratuvchi xavfsizlik orolchalarini oʻng tomondan aylanib oʻtiladi;
xorijiy avtotransport vositalari — xorijiy davlatlarning roʻyxatga olish idoralarida roʻyxatda turgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududiga chet el fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsiy ehtiyojlarini qondirish, yuklar va yoʻlovchilarni xalqaro tashish maqsadlarida vaqtincha olib kiriladigan avtotransport vositalari;
chorraha — yoʻllarning oʻzaro bir sathda kesishadigan, tutashadigan va ayriladigan joyi. Chorraha chegarasi uning markazidan qatnov qismlari oxiridagi qarama-qarshi tomonlarning eng uzoq burilish joylarini tutashtiruvchi tasavvur qilinadigan chiziqlar bilan aniqlanadi.
Yondosh hududlardan chiqish joylari chorraha hisoblanmaydi;
elektromobil — tashqi elektr manbaidan quvvatlanib, faqat elektr dvigateli bilan harakatlanadigan transport vositasi;
elektromototsikl — elektrodvigatelining quvvati 4 kilovatt va undan oshadigan, konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometr va undan oshadigan yon tirkamasiz yoki yon tirkamali (kajavali) ikki yoxud uch (toʻrt) gʻildirakli transport vositasi;
yashil hududlar — shaharlar va aholi punktlarining rekreatsion maqsaddagi hududlari, shuningdek, yashil ekinlar bilan qoplangan va tabiatni muhofaza qilish funksiyalarini bajaradigan hamda aholining dam olishi uchun foydalaniladigan ularga tutash hududlar.
oʻzib ketish — transport vositasining bir yoʻnalishda transport vositasi tezligidan ortiq tezlikda harakatlanishi;
oʻt oʻchirgich — oʻt oʻchirish vositasini chiqarish hisobiga yongin manbasini oʻchirish uchun moʻljallangan, qoʻlda yongʻin oʻchogʻiga yetkaziladigan va ishga tushiriladigan, olib yuriladigan yoki koʻchma harakatlanuvchi qurilma, shu jumladan, oʻt oʻchirish aerozoli generatori;
qayta tizilish — dastlabki harakat yoʻnalishini saqlagan holda oʻz harakatlanish tasmasidan boshqa harakatlanish qatoriga oʻtish;
qatnov qismi — yoʻlning relssiz transport vositalari harakatlanishi uchun moʻljallangan qismi;
qatnov qismlari kesishmasi — yoʻllarning qatnov qismlari oʻzaro kesishib oʻtadigan va tasavvur qilinadigan chiziqlar bilan aniqlangan hudud;
quvib oʻtish — bir yoki bir nechta transport vositalarini qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanish uchun moʻljallangan tasmaga chiqib, soʻngra ilgari egallagan qatoriga qaytib oʻtish bilan bogʻliq boʻlgan oʻzib ketish;
haydovchi — transport vositasini boshqaruvchi shaxs. Transport vositasini boshqarish oʻrgatilayotganda oʻrgatuvchi shaxs haydovchi hisoblanadi.
Ot aravani boshqarayotgan hamda hayvonlarni minib harakatlanayotgan shaxslar haydovchiga tenglashtiriladi;
harakatlanish tasmasi — avtomobillarning bir qator boʻlib harakatlanishi uchun yetarlicha keng boʻlgan, yoʻl chiziqlari bilan belgilangan yoki belgilanmagan yoʻl qatnov qismining har qanday boʻylama tasmasi;
harakatlanish uchun xavf — yoʻl harakati jarayonidan oʻsha yoʻnalishda va oʻsha tezlikda harakatlanishni davom ettirish yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlishiga tahdid qiladigan omil;
haqiqiy vazn — transport vositasining yuki, haydovchi va yoʻlovchilari bilan birgalikdagi vazni.