165. Yoʻlda velosiped, individual harakatlanish vositalarini va aravani boshqarish, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlarni haydab oʻtish 14 yoshdan kichik boʻlmagan, moped va skuterni, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalarini boshqarish esa 16 yoshdan kichik boʻlmagan shaxslarga ruxsat etiladi.
166. Velosipedlar, individual harakatlanish vositalari, mopedlar, aravalar, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlarning yoʻlning chetki oʻng boʻlagida imkoni boricha oʻng tomonidan bir qator boʻlib harakatlanishiga yoʻl qoʻyiladi. Agar piyodalarga xalaqit bermasa, yoʻl yoqasidan harakatlanishga ham ruxsat etiladi.
Yoʻlning qatnov qismida harakatlanishda velosipedchilar, individual harakatlanish vositalari, aravalar jamlanmasi, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlar guruhlari va haydab ketilayotgan hayvonlar toʻdasi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlaydigan hamda ularni quvib oʻtishni osonlashtiradigan guruhlarga boʻlinishi kerak.
167. Velosiped individual harakatlanish vositalari tovushli ishora moslamasi bilan jihozlangan va tormoz tizimi soz boʻlishi zarur. Sutkaning qorongʻi vaqtda va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda harakatlanish uchun velosipedning old tomoniga oq rangli nur qaytargich yoki chiroq, orqa tomoniga qizil rangli nur qaytargich yoki chiroq, yon tomonlariga esa, zargʻaldoq yoki qizil rangli nur qaytargich oʻrnatilishi kerak.
Individual harakatlanish vositalari old tomonidan fara chiroqlari va orqa tomonida ogohlantirish chiroqlari yoki nur qaytargichlar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
Velosiped yoʻlkasi boʻlmagan holda yoʻlning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar sutkaning qorongʻi vaqtida va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda nur qaytargichli kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementli parchalari boʻlgan ustki kiyimda boʻlishi shart.
Ushbu nur qaytaruvchi elementli parchalar boshqa haydovchilar tomonidan koʻrinishi taʼminlanishi kerak.
168. Velosipedchilar va individual harakatlanish vositalarini boshqarayotgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:
rulni ushlamasdan yoki bir qoʻlda ushlab harakatlanish (manyovrdan oldin ishoralar berish bundan mustasno);
odam tashish (ishonchli oyoq qoʻygich bilan jihozlangan velosipeddagi qoʻshimcha oʻrindiqda 7 yoshgacha boʻlgan bolani tashish bundan mustasno);
gabaritidan boʻyiga va eniga 0,5 metrdan ortiq chiqib turgan yoki boshqarishga xalaqit beradigan yuklarni tashish;
velosiped yoʻlkasi boʻlgan holda yoʻlning qatnov qismida harakatlanish;
tramvay harakatlanadigan yoʻllarda va shu yoʻnalishda harakatlanish uchun boʻlagi bittadan koʻp boʻlgan yoʻllarda chapga burilish yoki qayrilib olish;
yoʻlning qatnov qismidan, shu jumladan, piyodalar oʻtish joyidan velosipedlarni va individual harakatlanish vositalarini boshqarib kesib oʻtish (velosiped yoʻlaklarida harakatlanish bundan mustasno).
Velosipedlarni va individual harakatlanish vositalarini shatakka olish, shuningdek, ulardan shatakka olishda foydalanish taqiqlanadi (velosipedga moʻljallangan tirkamalarni shatakka olish bundan mustasno).
169. Chorrahadan tashqaridagi tartibga solinmagan velosiped yoʻlkasi bilan yoʻl kesishmasida velosiped va individual harakatlanish vositalari yoʻlda harakatlanayotgan boshqa transport vositalariga yoʻl berishlari kerak.
Velosiped yoʻlkasi va piyodalar yoʻlkasi (trotuar) oʻzaro kesishgan holatlarda velosiped va individual harakatlanish vositasi piyodaga yoʻl berishi kerak.
170. Ot-aravalarda ularni toʻxtatib turadigan moslama va orqaga tisarilib ketishga yoʻl qoʻymaydigan tirgaklar boʻlishi kerak.
Qorongʻi vaqtda va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda harakatlanganda ot-aravaning old tomoniga oq rangli chiroq yoki ikkita nur qaytargich, orqa tomoniga esa qizil rangli chiroq yoki ikkita nur qaytargich oʻrnatilishi kerak.
Yondosh hududdan yoki ikkinchi darajali yoʻldan koʻrinishi cheklangan joylarda yoʻlga chiqayotgan arava haydovchisi hayvonlarning jilovini qoʻyib yubormasligi kerak.
171. Hayvonlarni yoʻlda, asosan sutkaning yorugʻ vaqtida haydab borilishi kerak. Podachilar hayvonlarni mumkin qadar yoʻlning yoʻl yoqasida olib yurishlari kerak.
172. Hayvonlarni temir yoʻl kesishmalari orqali haydab oʻtishda podachilar sonini hisobga olgan holda hayvonlar podasi xavf-xatarsiz haydab oʻtilishi taʼminlanadigan toʻdalarga boʻlinishi kerak.
173. Aravani boshqarayotgan, miniladigan yoki yuk ortiladigan hayvonlarni, podani haydab ketayotgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:
yoʻllarda hayvonlarni nazoratsiz qoldirish;
podani temir yoʻldan va yoʻlda maxsus ajratilmagan joylardan, shuningdek ruxsat etilgan joylarda esa sutkaning qorongʻi vaqtida va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda haydab oʻtish;
boshqa yoʻllar boʻlganda hayvonlarni mukammal qoplamali yoʻllarda haydab borish;
koʻkalamzorlashtirilgan joylarda (yoʻl, yoʻl yoqasi, ajratuvchi mintaqa va boshqalar) hayvonlarni boqish va bogʻlab qoʻyish.