10. YO’LNING QATNOV QISMIDA TRANSPORT VOSITALARINING JOYLAShUVI

0
4841

64. Relssiz transport vositalari harakatlanadigan tasmalar soni chiziqlar va (yoki) 5.8.1, 5.8.2, 5.8.7, 5.8.8 yoʻl belgilari bilan belgilanadi.

Bunday chiziqlar yoki yoʻl belgilari boʻlmasa, haydovchilar harakatlanish tasmalari sonini, qatnov qismining kengligini, transport vositalari orasidagi zarur yonlama oraliq masofani va ularning gabarit oʻlchamlarini hisobga olgan holda oʻzlari aniqlaydilar. Bunda harakatlanish ikki tomonlama boʻlgan yoʻl qatnov qismining chap tomondagi yarmi, qatnov qismining joylardagi kengayishlari (sekinlashish va tezlashish tasmalari, balandlikka koʻtarilishdagi qoʻshimcha tasmalar, yoʻnalishli transport vositalarining toʻxtash joylaridagi kengayishlar)ni hisobga olmagan holda, qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanish uchun moʻljallangan deb hisoblanadi.

Tramvay yoʻli, ajratuvchi tasma, uzluksiz 1.1, 1.3 yoʻl chiziqlar yoki uzuq-uzuq tomoni chapda joylashgan 1.11 yoʻl chizigʻi bilan ajratilgan yoʻllarda qarama-qarshi yoʻnalishga chiqish taqiqlanadi.


65. Toʻrt va undan ortiq tasmali, harakat ikki tomonlama boʻlgan yoʻllarda qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanish uchun moʻljallangan tasmalarga chiqish taqiqlanadi.


66. Harakat ikki tomonlama boʻlgan va chiziqlar bilan belgilangan (1.9 yoʻl chizigʻi bilan belgilanganidan tashqari) uchta tasmali yoʻllarda, ikki yoʻnalishda harakatlanish uchun moʻljallangan oʻrta qatorga faqat quvib oʻtish, aylanib oʻtish, chapga burilish va qayrilib olish uchungina chiqishga ruxsat etiladi. Qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanish uchun moʻljallangan chetki chap qatorni egallash taqiqlanadi.


67. Aholi punktlaridan tashqaridagi yoʻllarda hamda aholi punktlarida ayrim turdagi transport vositalari uchun ushbu Qoidalarda belgilangandan yuqori tezlikda harakatlanish ruxsat etilgan yoʻl qismlarida haydovchilar transport vositalarini mumkin qadar qatnov qismining oʻng chetiga yaqinroq olib harakatlanishlari kerak. Oʻng tasmalar boʻsh boʻlganda chap tasmalarni egallash taqiqlanadi.

Aholi punktlarida ushbu bandning birinchi xatboshi va ushbu Qoidalarning 69, 123 va 161-bandlaridagi talablarni hisobga olgan holda, haydovchilar oʻzlariga qulay boʻlgan harakatlanish boʻlagidan foydalanishlari mumkin. Harakatlanish serqatnovligi sababli boshqa tasmalar band boʻlganda harakatlanish qatorini faqat oʻngga yoki chapga burilish, qayrilib olish, toʻxtash yoki toʻsiqni aylanib oʻtish uchun oʻzgartirishga ruxsat etiladi.

Biroq, bir yoʻnalishdagi uch va undan ortiq tasmali har qanday yoʻlda chetki chap qatorni harakat serqatnovligi sababli boshqa boʻlaklar band boʻlgan hollarda, shuningdek, quvib oʻtish, chapga burilish yoki qayrilib olishga, yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun chetki chap qatorni egallashga ruxsat etiladi.

Boshqa hollarda yuk avtomobillariga yoʻlning chetki chap qatorida harakatlanish taqiqlanadi.

Harakat bir tomonlama boʻlgan yoʻlning chap boʻlagida toʻxtash va toʻxtab turish ushbu Qoidalarning 88-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.


68. Tezligini soatiga 40 kilometrdan oshirishi mumkin boʻlmagan yoki texnik sabablarga koʻra tezligini bundan oshira olmaydigan transport vositalari aylanib oʻtish, quvib oʻtish, chapga burilish yoki qayrilib olish uchun qayta tizilishdan yoki ruxsat etilgan hollarda yoʻlning chap tomonida toʻxtashdan boshqa hollarda faqat chetki oʻng qatorida harakatlanishlari kerak.


69. Bir yoʻnalishdagi qatnov qismining chap tomonida u bilan bir sathda joylashgan tramvay yoʻlidan, shu yoʻnalishdagi boshqa tasmalar band boʻlganda harakatlanishga, shuningdek, aylanib oʻtishga, chapga burilish va qayrilib olishga ushbu Qoidalarning 56-bandini hisobga olgan holda ruxsat etiladi. Biroq bu tramvayga xalaqit bermasligi kerak. Qarama-qarshi yoʻnalishdagi tramvay yoʻlidan harakatlanish taqiqlanadi.

Agar chorrahadan oldin 5.8.1 yoki 5.8.2 yoʻl belgilari oʻrnatilgan boʻlsa, chorrahadan oʻtishda tramvay yoʻllaridan harakatlanish taqiqlanadi.


70. Agar qatnov qismi yoʻl chiziqlari bilan tasmalarga ajratilgan boʻlsa, transport vositalarining harakatlanishi qatʼiy ravishda belgilangan tasmalarda amalga oshirilishi kerak. Faqat qayta tizilishda uzuq-uzuq chiziqlarni bosib oʻtishga ruxsat etiladi.


71. Reversiv harakatlanishli yoʻlga burilishda haydovchi transport vositasini shunday boshqarishi kerakki, bunda transport vositasi qatnov qismlari kesishmasidan chiqishda chetki oʻng qatorni egallashi kerak. Shu yoʻnalishdagi boshqa tasmalardan ham harakatlanish ruxsat etilganiga ishonch hosil qilingandan keyingina haydovchiga qayta tizilishga ruxsat etiladi.


72. Qoidalarning 88, 166-bandlarida koʻzda tutilganlardan boshqa hollarda transport vositalarining ajratuvchi mintaqalar, yoʻl yoqalari, trotuarlar, piyodalar yoʻlkalarida, velosiped yoʻlkalari, velosipedchilar uchun tasmalar, piyodalar va velosipedchilarning birga va yashil hudud maydonlarida mexanik transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.

Bu joylarda yoʻldan foydalanish va kommunal xizmat mashinalarining harakatlanishiga, shuningdek, bevosita yoʻl yoqalari, trotuarlar yoki piyodalar yoʻlkalari oldida joylashgan savdo shoxobchalari, korxonalar va boshqa inshootlarga yuk olib kirish uchun boshqa imkoniyati boʻlmagan transport vositalariga yaqin yoʻldan kirishga ruxsat etiladi. Bunda harakatlanish xavfsizligi taʼminlangan boʻlishi shart.


73. Haydovchi oʻzidan oldinda harakatlanayotgan transport vositasi keskin tormoz berganda, toʻqnashib ketmaslik kafolatini beradigan darajadagi oraliq masofani, shuningdek, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlaydigan yonlama oraliq masofani saqlashi kerak.


74. Aholi yashash joylaridan tashqaridagi ikki tomonlama harakat tashkil etilgan ikki tasmali yoʻllarda tezligini soatiga 50 kilometrdan oshirishi mumkin boʻlmagan, shuningdek, uzunligi 7 metrdan ortiq boʻlgan transport vositalarining (transport vositalarining tarkibi) haydovchilari oʻzi va oldida harakatlanayotgan transport vositasi orasida, ularni quvib oʻtayotgan transport vositalari oldin egallagan qatoriga bemalol qayta tizilishi uchun imkon beradigan masofani saqlashlari kerak.

Quvib oʻtish taqiqlangan yoʻllarda, shuningdek, transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi tarkibida va serqatnov boʻlgan yoʻllarda harakatlanayotganda ushbu talabga amal qilinmaydi.


75. Agar biror toʻsiq sababli qarama-qarshi yoʻnalishlarda harakatlanish qiyin boʻlsa, toʻsiq oʻz tomonida boʻlgan haydovchi yoʻl berishi kerak.


76. Agar yoʻl belgilari va chiziqlari boshqa yoʻnalishni koʻrsatmagan boʻlsa, haydovchilar ajratuvchi boʻlagi boʻlmagan ikki tomonlama harakat tashkil etilgan yoʻllardagi xavfsizlik orolchalari, ustunchalar va yoʻl inshooti qismlari (koʻprik, yoʻl oʻtkazgich ustunlari va shunga oʻxshashlar)ni oʻng tomondan aylanib oʻtishlari kerak.

Advertisement
Предыдущая статья9. HARAKATLANIShNI BOShLASh, MANYoVR QILISh
Следующая статья11. HARAKATLANISh TEZLIGI