88. Transport vositalariga yoʻlning oʻng tomonida yoʻl yoqasida, u boʻlmaganda esa qatnov qismining chetida va Qoidalarning 89-bandida koʻrsatilgan hollarda trotuarda toʻxtash va toʻxtab turishga ruxsat etiladi.
Aholi punktlarida oʻrtada tramvay yoʻli boʻlmagan, har yoʻnalishda bittadan tasmasi boʻlgan, shuningdek bir tomonlama harakat tashkil etilgan yoʻllarda yoʻlning chap tomonida toʻxtash va toʻxtab turishga ruxsat etiladi.
Ruxsat etilgan toʻliq vazni 3,5 tonnadan koʻp boʻlgan yuk transport vositalari bir tomonlama harakatli yoʻllarning chap tomonida faqat yuk ortish va tushirish uchun toʻxtashlari mumkin.
89. Transport vositalarini yoʻlning qatnov qismida bir qator qilib, qatnov qismi chetiga yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilariga xalaqit bermaslik sharti bilan faqat parallel ravishda, kajavasi boʻlmagan ikki gʻildirakli transport vositalarini ikki qator qilib qoʻyishga ruxsat etiladi.
Qatnov qismining ayrim kengaytirilib qatnov qismidan ajratilgan joylarida yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilariga xalaqit bermaslik sharti bilan boshqacha tartibda qoʻyishga ham ruxsat etiladi.
Qatnov qismiga chegaradosh trotuar chetida faqat yengil avtomobillar, mototsikllar, elektromototsikllar, mopedlar, skuterlar, kichik hajmdagi mototransport vositalari, velosipedlar va individual harakatlanish vositalariga toʻxtab turishga 5.15 yoʻl belgisi bilan birga 7.6.2, 7.6.3, 7.6.6 — 7.6.9 qoʻshimcha axborot belgilaridan biri oʻrnatilgan joylarda ruxsat etiladi.
90. Aholi punktlaridan tashqarida tunab qolish, dam olish yoki boshqa maqsadlarda uzoq vaqt toʻxtab turishga faqat buning uchun koʻzda tutilgan maydonchalarda yoki yoʻldan tashqarida ruxsat etiladi.
91. Quyidagilarda toʻxtash taqiqlanadi:
tramvay yoʻllarida, shuningdek, bevosita ularga yaqinroqda tramvaylar harakatlanishiga xalaqit beradigan hollarda;
temir yoʻl kesishmalarida;
tunnellarda;
bir yoʻnalishda harakatlanish uchun uchtadan kam tasmaga ega boʻlgan koʻprik, yoʻl oʻtkazgich va estakadalarning ustida;
koʻprik, yoʻl oʻtkazgich va estkadalarning ostida (tegishli yoʻl belgilari bilan toʻxtab turish ruxsat berilgan yoʻl qismlari bundan mustasno);
boshqa transport vositalarining harakatlanishiga toʻsqinlik qilgan holda yoʻlning qatnov qismlarida;
toʻxtagan transport vositasi bilan boʻylama sidirgʻa chiziq (qatnov qismining chetini belgilovchi chiziqdan tashqari), ajratuvchi mintaqa yoki qatnov qismining qarama-qarshi cheti orasidagi masofa 3 metrdan kam boʻlgan joylarda;
piyodalar oʻtish joylarida va ulardan oldin 10 metrdan kam masofa qolganda;
velosiped yoʻlkasi bilan kesishuvda va ulardan oldin 10 metrdan kam masofa qolganda;
velosipedchilar uchun tasmada (odam tushirish va odam mindirish bundan mustasno);
qatnov qismida koʻrinish masofasi 100 metrdan kam boʻlgan yoʻl doʻngliklari yaqinida va xavfli burilishlarda;
qatnov qismi kesishmalarida va kesishayotgan qatnov qismi chetiga 30 metrdan kam masofada (uch tomonlama kesishadigan chorrahalarda yondan tutashgan yoʻlning sidirgʻa chiziq yoki ajratuvchi mintaqa bilan ajratilgan qarama-qarshi tomoni bundan mustasno);
bekat maydonchalarida, yoʻnalishli transport vositalari toʻxtash joylarida, jumladan, 1.17 chizigʻi bilan belgilangan, ular boʻlmaganda esa yoʻnalishli transport vositalari toʻxtash joyi belgilari va bekatdan harakatlanish yoʻnalishi boʻylab (yetmasdan va oʻtib ketib) 15 metrdan kam masofada (yoʻnalishli transport vositalari harakatiga xalaqit bermasa yoʻlovchilarni chiqarish yoki tushirish uchun toʻxtash bundan mustasno);
transport vositasi svetofor ishoralari, yoʻl belgilarini boshqa haydovchilardan toʻsib qoʻyadigan, boshqa transport vositalarining harakatlanishiga (kirish va chiqishiga) imkon qoldirmaydigan yoki piyodalarning harakatiga xalaqit beradigan joylarda;
transport vositalarining qayrilib olish joylarida va unga 30 metr yetmasdan yoki oʻtib;
3.27 yoʻl belgisi yoki 1.4 yoʻl chizigʻi taʼsiri oraligʻida.
5.15 va 7.17 yoʻl belgilari yoki 1.24 yoʻl chizigʻining birgalikdagi taʼsiri oraligʻida, nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan boshqariladigan transport vositalari bundan mustasno.
92. Quyidagilarda toʻxtab turish taqiqlanadi:
toʻxtash taqiqlangan joylarda;
aholi punktlaridan tashqarida 2.1 yoʻl belgisi bilan belgilangan yoʻllarning qatnov qismida;
temir yoʻl kesishmalarining (har ikkala tomonida) 50 metr yaqinida;
3.27 — 3.30 yoʻl belgilari yoki 1.4, 1.10 yoʻl chiziqlari taʼsiri oraligʻida;
yuk avtomobillarining tungi vaqtlarda yoʻl chetida yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilariga xavf tugʻdiradigan holatda toʻxtab turishi, yoxud tashlab ketilishi;
5.15 va 7.17 yoʻl belgilari yoki 1.24 yoʻl chizigʻining birgalikdagi taʼsiri oraligʻida, nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan boshqariladigan transport vositalari bundan mustasno.
93. Toʻxtash taqiqlangan joylarda majburiy toʻxtaganda, haydovchi transport vositasini yoʻlning chetiga olib chiqish va ushbu joydan olib ketishning barcha choralarini koʻrishi shart.
94. Agar yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilariga xalaqit beradigan boʻlsa yoki xavf tugʻdirsa, transport vositasining eshiklarini ochish taqiqlanadi.
95. Transport vositasining oʻz-oʻzidan harakatlanib ketishini yoki oʻzi yoʻqligida undan foydalanishni istisno qiladigan zarur ehtiyot choralarini koʻrgandan keyingina haydovchi oʻz joyini tashlab ketishi yoki transport vositasini qoldirishi mumkin.