18. TEMIR YO’L KESIShMALARI ORQALI HARAKATLANISh

0
2912

116. Transport vositalarining haydovchilari temir yoʻllarni faqat temir yoʻl kesishmalari orqali poyezd (lokomotiv, drezina)larga yoʻl berib kesib oʻtishlari lozim.


117. Temir yoʻl kesishmasiga yaqinlashib uni kesib oʻtmoqchi boʻlgan haydovchi kesishma navbatchisining koʻrsatmalariga, svetoforlar ishoralariga, yoʻl belgilariga, yoʻl chiziqlariga, shlagbaum holatiga amal qilishi va yaqinlashayotgan poyezd (lokomotiv, drezina) yoʻqligiga ishonch hosil qilish shart.


118. Quyidagi hollarda temir yoʻl kesishmasiga kirish taqiqlanadi:

svetofor ishorasidan qatʼi nazar, shlagbaum yopiq turgan yoki yopila boshlagan holatda, kesishmani toʻsuvchi qurilma koʻtarilib turgan yoki koʻtarila boshlagan holatda;

shlagbaumning holatidan va bor-yoʻqligidan qatʼiy nazar svetoforning taqiqlovchi ishorasida;

kesishma navbatchisining taqiqlovchi ishorasida (navbatchi haydovchiga oldi yoki orqasi bilan turib jezlni, qizil chiroq yoki bayroqchani yuqoriga koʻtarib tursa yoki qoʻllarini yonga uzatsa);

agar kesishmadan keyin, haydovchini kesishmada toʻxtashga majbur qiladigan tirbandlik paydo boʻlsa;

agar koʻrinish chegarasidagi masofada kesishmaga poyezd (lokomotiv, drezina) yaqinlashayotgan boʻlsa.

Bundan tashqari:

kesishma oldida turgan transport vositalarini qarama-qarshi harakatlanish boʻlagiga chiqib aylanib oʻtish;

shlagbaumni oʻzboshimchalik bilan ochish;

transport holatiga keltirilmagan qishloq xoʻjaligi, yoʻl qurilishi, qurilish va boshqa mashina hamda mexanizmlarni kesishma orqali olib oʻtish;

temir yoʻl distansiyasi boshligʻining ruxsatisiz tezligi soatiga 8 kilometrdan kam boʻlgan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.


119. Kesishma orqali harakatlanish taqiqlangan hollarda haydovchi toʻxtash chizigʻi, 2.5 yoʻl belgisi yoki svetofor oldida, ular boʻlmaganda shlagbaumga kamida 5 metr, shlagbaum boʻlmaganda esa birinchi temir yoʻl iziga kamida 10 metr qolganda toʻxtashi kerak.


120. Temir yoʻl kesishmasida majburan toʻxtab qolgan transport vositasining haydovchisi darhol odamlarni tushirish va kesishmani boʻshatish choralarini koʻrishi;

Shu bilan bir vaqtda haydovchi:

imkoniyati boʻlganda, yaqinlashib kelayotgan poyezd mashinistiga toʻxtash ishorasini berish qoidasini tushuntirib, ikki kishini temir yoʻl yoqasi boʻylab ikkala tomonga 1000 metr masofaga (agar bir kishi boʻlsa — uni yoʻl yaxshi koʻrinmaydigan tomonga) yuborishi;

transport vositasi yonida qolishi va umumiy xatar ishorasini berishi;

poyezd koʻringanda toʻxtash ishorasini berib, u kelayotgan tomonga yugurishi kerak.

Toʻxtash ishorasi qoʻlni (kunduzi yorqin mato parchasi yoki aniq koʻrinadigan biror narsa bilan, tunda esa mashʼala yoki chiroq bilan) gir aylantirish orqali beriladi.

Bitta uzun va uchta qisqa tovushli ishoralar umumiy xatar ishorasi hisoblanadi.

Advertisement
Предыдущая статья17.1. YOʻNALISHLI TRANSPORT VOSITALARI UCHUN ALOHIDA AJRATILGAN TASMASI BOR YOʻL ORQALI HARAKATLANISH
Следующая статья19. AVTOMAGISTRALLARDA HARAKATLANISh