27. YuK TAShISh

0
3278

160. Tashilayotgan yukning vazni va oʻqlarga tushadigan ogʻirlik miqdorining taqsimlanishi qonunchilik hujjatlarida belgilangan va ishlab chiqargan korxona tomonidan ushbu transport vositasi uchun belgilangan miqdordan oshmasligi kerak.


161. Haydovchi harakatni boshlashdan oldin yukning toʻgʻri joylashganligiga va mahkamlanganligiga ishonch hosil qilishi, harakatlanish vaqtida esa, yukning tushib ketmasligini va harakatlanishga xalaqit bermasligini taʼminlash maqsadida uning holatini kuzatib borishi kerak.


162. Quyidagi shartlarga amal qilinganda yuk tashishga yoʻl qoʻyiladi:

agar yuk haydovchiga tevarak-atrof koʻrinishini cheklamasa;

transport vositasini boshqarishni qiyinlashtirmasa va muvozanatini buzmasa;

tashqi yoritish asboblari, gabarit fara chiroqlarini va yorugʻlik qaytargichlarini, roʻyxatdan oʻtkazilganlik davlat raqam belgilari va taniqlik belgilarni, shuningdek, qoʻl bilan beriladigan ishoralarni koʻrishini toʻsmasa;

sochiluvchan (qadoqlanmagan) qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, qurilish va maishiy chiqindilarni, shuningdek, boshqa toʻkiladigan (issiq asfalt, yirik gabaritli va ogʻir yuklardan tashqari) yuklarni N, O3 va O4 toifadagi bortli va oʻzi agʻdaruvchi avtotransport vositalarida majburiy tartibda amaldagi standartlar asosida brezent (zichligi 660 g/m2 dan kam boʻlmagan) yoki polivinilxlorid qoplamali (zichligi 900 g/m2 dan kam boʻlmagan) materiallardan tayyorlangan tent bilan bort sathidan oshirmasdan va bortga mustahkam qotirilib, yuza qismi toʻliq yopilgan boʻlsa. Bunda tent bortni har tomondan 200±50 mm dan kam boʻlmagan holda yopishi va mahkamlovchi moslamalar bilan qotirilishi lozim;

avtotransport vositalarining ochiq yuk tashish platformalarida, issiq asfalt, yirik gabaritli va ogʻir yuklardan tashqari, qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, shuningdek, toʻkiladigan boshqa yuklarni tashishda yuk majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin material bilan yopilgan boʻlsa;

shovqin solmasa, chang koʻtarmasa, yoʻlni va atrof muhitni iflos qilmasa;

yengil avtomobilning tom qismiga oʻrnatilgan yukxonasidagi yukning balandligi 1 metrdan (maxsus moslamalar bilan mustahkamlangan holda velosipedlar va individual harakatlanish vositalarini tashish bundan mustasno) va uzunligi avtomobilning gabaritidan 0,5 metrdan oshmasa.

Agar yukning joylashuvi va holati qayd etilgan talablarga javob bermasa, haydovchi yuqorida sanab oʻtilgan qoidalar buzilishini bartaraf etish choralarini koʻrishi, buning iloji boʻlmasa, keyingi harakatlanishni toʻxtatishi shart.


163. Transport vositasining gabaritlaridan oldi yoki orqa tomonga 1 metrdan, yon tomonga gabaritning chetki qismidan 0,4 metrdan ortiq chiqib turgan yuk “Katta oʻlchamli yuk” taniqlik belgisi bilan belgilanishi, sutkaning qorongʻi vaqtida va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda esa bunga qoʻshimcha ravishda oldi oq rangli chiroq yoki yorugʻlik qaytargich, orqasi esa qizil rangli chiroq yoki yorugʻlik qaytargich bilan belgilanishi kerak.


164. Katta hajmli va ogʻir vaznli hamda xavfli yuklarni tashishda gabarit oʻlchamlari yukli yoki yuksiz holda eni boʻyicha 2,55 (refrijeratorlar va izotermik kuzovlar uchun — 2,6) metrdan va balandligi yoʻl sathidan 4 metrdan, uzunligi yakka avtotransport vositasi uchun — 12 metrdan, yarim tirkamali va tirkamali avtopoyezd uchun — 20 metrdan ortiq boʻlgan yoki yuki transport vositasining oldi va orqa nuqtasidan 2 metrdan ortiq chiqib turgan transport vositalarining harakatlanishi DYHXX bilan kelishilishi shart.

Avtobus va mikroavtobuslar tomiga yuk tashish uchun moslamalar oʻrnatish, hamda belgilanmagan joylarda yuk tashish taqiqlanadi.
Transport vositasida xalqaro yuk tashish transport vositalariga qoʻyiladigan talablarga va Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari hamda qonunchilik hujjatlarini hisobga olgan holda belgilangan tashish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Advertisement
Предыдущая статья26. ODAM TAShISh
Следующая статья28. VELOSIPED, MOPED VA ARAVALAR HARAKATLANIShIGA, ShUNINGDEK, HAYVONLARNI HAYDAB O’TIShGA DOIR QO’ShIMСhA TALABLAR