23. TAShQI YoRITISh ASBOBLARIDAN FOYDALANISh

0
2892

134. Sutkaning qorongʻi vaqtida va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda, shuningdek yoʻlning yoritilganligidan qatʼi nazar, tunnellarda harakatlanayotgan transport vositasida quyidagi yoritish asboblari yoqilgan boʻlishi kerak:

barcha mexanik transport vositalarida — uzoqni yoki yaqinni yorituvchi fara chiroqlari;

velosipedlarda — fara yoki chiroqlar (agar mavjud boʻlsa);

tirkamalarda va shatakka olingan mexanik transport vositalarida — gabarit fara chiroqlari.


135. Quyidagi hollarda uzoqni yorituvchi fara chiroqlari oʻrniga yaqinni yorituvchi fara chiroqlari yoqilishi kerak:

yoʻl yoritilgan boʻlsa;

qarama-qarshi yoʻnalishdagi transport vositasiga kamida 150 metr masofa qolganda, shuningdek, qarama-qarshi yoʻnalishdagi transport vositasining haydovchisi fara chiroqlarini vaqti-vaqti bilan oʻchirib-yoqib bunga zarurat borligini bildirgan hollarda undan ham koʻproq masofada;

qarama-qarshi va bir yoʻnalishdagi transport vositalari haydovchilarining koʻzini qamashtirishi mumkin boʻlgan boshqa barcha holatlarda.

Koʻzi qamashgan haydovchi avariya ishoralarini yoqishi, harakatlanish boʻlagini oʻzgartirmasdan tezlikni kamaytirishi va toʻxtashi kerak.


136. Sutkaning qorongʻi vaqtida yoʻlning yoritilmagan qismida, shuningdek, yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda toʻxtagan yoki toʻxtab turgan transport vositasida gabarit fara chiroqlari yoqilgan boʻlishi kerak.

Yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda gabarit chiroqlariga qoʻshimcha ravishda yaqinni yorituvchi fara chiroqlari, tumanga qarshi fara chiroqlari va tumanga qarshi orqa fara chiroqlari yoqilishi mumkin.


137. Quyidagi hollarda tumanga qarshi fara chiroqlaridan foydalanish mumkin:

yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda alohida, shuningdek, uzoqni yorituvchi yoki yaqinni yorituvchi fara chiroqlari bilan;

sutkaning qorongʻi vaqtida yoʻlning yoritilmagan qismlarida uzoqni yoki yaqinni yorituvchi fara chiroqlari bilan birga;

ushbu Qoidalarning 138-bandida koʻzda tutilgan holatlarda yaqinni yorituvchi fara chiroqlari oʻrniga.


138. Sutkaning yorugʻ vaqtida quyidagi hollarda yaqinni yorituvchi fara chiroqlari yoqilishi kerak:

transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda;

yoʻlovchilarni tashiyotgan avtobuslar va yoʻnalishli transport vositalarida;

bolalar guruhini tashkiliy tashishda;

xavfli, katta oʻlchamli va ogʻir vaznli yuklarni tashishda;

mexanik transport vositalarini shatakka olishda (shatakka olib ketayotgan transport vositasida);

kuchli yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) sharoitida;

mototsikl, elektromototsikl, skuter va mopedlarda.


139. Konstruksiyasida projektor-fara chiroqlari va izlovchi-fara chiroqlari boʻlgan transport vositalaridan quyidagi hollarda foydalanish mumkin:

aholi punktlaridan tashqarida;

qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanayotgan transport vositalari boʻlmaganda.

Aholi punktlarida esa bunday fara chiroqlaridan foydalanishga faqat ushbu Qoidalarning 25 va 28-bandlarida koʻzda tutilgan transport vositalari haydovchilariga ruxsat etiladi.


140. Tumanga qarshi orqa fara chiroqlarini faqat yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda qoʻllash mumkin. Tumanga qarshi orqa fara chiroqlarini toʻxtash fara chiroqlari (stop-signal)ga ulash taqiqlanadi.


141. “Avtopoyezd” taniqlik belgisi avtopoyezd harakatlanayotganda, shuningdek, sutkaning qorongʻi vaqtida va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda yoʻlda toʻxtash va toʻxtab turish paytida ham yoqib qoʻyilishi kerak.

Advertisement
Предыдущая статья22. YO’NALIShLI TRANSPORT VOSITALARINING IMTIYoZLARI
Следующая статья24. MEXANIK TRANSPORT VOSITALARINI ShATAKKA OLISh