96. Chapga yoki oʻngga burilayotgan haydovchi kesishayotgan yoʻlning qatnov qismidan oʻtayotgan piyoda(lar)ga, shuningdek velosiped yoʻlkasidan yoʻlni kesib oʻtayotgan velosipedchi(lar)ga va individual harakatlanish vositalarini boshqarayotgan shaxs(lar)ga yoʻl berishi kerak.
97. Haydovchi tirbandlik tufayli majburiy toʻxtab, koʻndalang yoʻnalishdagi transport vositalarining harakatlanishiga toʻsqinlik tugʻdiradigan boʻlsa, chorrahaga kirishi, agar toʻxtash chizigʻi yoki 5.33 yoʻl belgisidan oʻtib boʻlgan haydovchiga esa qatnov qismlari kesishmasiga kirishi taqiqlanadi.
98. Harakatlanish navbati svetofor yoki tartibga soluvchining ishoralari bilan boshqariladigan chorraha — tartibga solingan chorraha hisoblanadi.
Miltillovchi sariq ishora yonib-oʻchayotgan, svetoforlar ishlamayotgan yoki tartibga soluvchi boʻlmagan chorraha — tartibga solinmagan chorraha hisoblanadi. Haydovchilar tartibga solinmagan chorrahalardan oʻtish qoidalariga hamda chorrahada oʻrnatilgan imtiyoz belgilariga amal qilishlari shart.
Aylanma harakatlanish chorrahasida harakatlanayotgan transport vositalari aylanaga kirib kelayotgan transport vositalariga nisbatan ustunlikka (imtiyozga) ega.