9. HARAKATLANIShNI BOShLASh, MANYoVR QILISh

0
4046

53. Haydovchi harakatlanishni boshlash, manyovr qilish (qayta tizilish, burilish, qayrilib olish, quvib oʻtish va aylanib oʻtish) va toʻxtashdan oldin bajarilayotgan manyovr boshqa yoʻl harakati ishtirokchilarini harakatlanishiga xavf tugʻdirmasligi kerak.


54. Haydovchi yondosh hududdan yoʻlga chiqayotganda unda harakatlanayotgan piyodalar va transport vositalariga, shuningdek, yoʻldan chiqishda harakatlanish yoʻnalishini kesib oʻtayotgan piyodalar va velosipedchilarga yoʻl berishi kerak.


55. Haydovchi qayta tizilishda harakatlanish yoʻnalishini oʻzgartirmasdan harakatlanayotgan yoʻlakay transport vositalariga yoʻl berishi kerak.
Bir yoʻnalishda harakatlanayotgan transport vositalari bir vaqtda qayta tizilayotganda, haydovchi oʻng tomondagi transport vositasiga yoʻl berishi kerak.


56. Aylanma harakatlanish tashkil qilingan chorrahalarga kirish uchun burilishdan boshqa barcha hollarda, haydovchi oʻngga, chapga burilishi yoki qayrilib olishdan oldinroq shu yoʻnalishda harakatlanishi uchun moʻljallangan qatnov qismining eng chetki holatni egallashi shart.

Agar 5.8.1 yoki 5.8.2 yoʻl belgilari yoxud 1.18 yoʻl chizigʻi bilan boshqa harakatlanish tartibi oʻrnatilmagan boʻlsa, qatnov qismining oʻrtasida u bilan bir sathda joylashgan bir yoʻnalishdagi tramvay izidan chapga burilish va qayrilib olishga ruxsat etiladi. Biroq, bu tramvay harakatiga xalaqit bermasligi kerak.


57. Burilishni shunday amalga oshirish kerakki, bunda qatnov qismlarining kesishmasidan chiqayotgan transport vositasi qarama-qarshi yoʻnalishdagi harakatlanish tomoniga oʻtib ketmasligi kerak.

Oʻngga burilishda transport vositasi iloji boricha qatnov qismining oʻng chetiga yaqinroqda harakatlanishi kerak.


58. Agar transport vositasi oʻzining gabaritlari (eng katta tashqi oʻlchamlari) yoki boshqa sabablarga koʻra (eng chekka tasmalardagi tirbandliklar bundan mustasno) Qoidalarning 56-bandi talablariga muvofiq burilishni bajara olmasa, harakat xavfsizligini taʼminlagan holda, boshqa transport vositalariga xalaqit bermasdan, talablardan chetga chiqishiga yoʻl qoʻyiladi.


59. Relssiz transport vositasining haydovchisi chorrahadan tashqarida chapga burilish yoki qayrilib olishda qarama-qarshi yoʻnalishdan harakatlanayotgan transport vositalariga va bir yoʻnalishdagi tramvayga yoʻl berishi shart.

Chorrahadan tashqarida qayrilib olishda, agar qatnov qismining kengligi manyovrni chetki chap holatdan bajarish uchun yetarli boʻlmasa, uni qatnov qismining oʻng chetidan (oʻng yoʻl yoqasidan) amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi. Bu holda haydovchi shu yoʻnalishdagi va qarama-qarshi yoʻnalishdagi transport vositalariga yoʻl berishi shart.


60. Transport vositalarining harakatlanish yoʻnalishlari kesishganda va oʻtish navbati Qoidalarda nazarda tutilmagan hollarda, haydovchi oʻng tomondan yaqinlashayotgan transport vositasiga yoʻl berishi kerak.


61. Sekinlashish boʻlagi bor boʻlgan yoʻlda burilmoqchi boʻlgan haydovchi oʻz vaqtida ushbu tasmaga qayta tizilishi va tezlikni faqat unda kamaytirishi kerak.

Yoʻlga chiqish joyida tezlashish boʻlagi boʻlsa, haydovchi unda harakatlanishi va qoʻshni tasmada harakatlanayotgan transport vositalariga yoʻl berib, transport oqimiga qoʻshilishi kerak.


62. Quyidagi joylarda qayrilib olish taqiqlanadi:

piyodalarning oʻtish joylarida;

tunnellarda;

koʻpriklar, yoʻl oʻtkazgichlar, estakadalar va ularning ostida (tegishli yoʻl belgilari bilan bunday manyovrni bajarish ruxsat berilgan yoʻl qismlari bundan mustasno);

temir yoʻl kesishmalarida;

yoʻlning koʻrinishi biror-bir yoʻnalishda 100 metrdan kam boʻlgan joylarda.


63. Transport vositasini orqaga harakatlantirishda haydovchi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashi va yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilariga xalaqit bermasligi shart. Zarurat tugʻilganda haydovchi boshqa shaxslarning yordamidan foydalanishi kerak.

Orqaga harakatlanish chorrahalarda va ushbu Qoidalarning 62-bandiga muvofiq qayrilib olish mumkin boʻlmagan joylarda taqiqlanadi.

Advertisement
Предыдущая статья8. OGOHLANTIRUVChI VA AVARIYa (XAVF-XATAR) IShORALARI
Следующая статья10. YO’LNING QATNOV QISMIDA TRANSPORT VOSITALARINING JOYLAShUVI