8. OGOHLANTIRUVChI VA AVARIYa (XAVF-XATAR) IShORALARI

0
3492

44. Quyidagilar ogohlantiruvchi ishoralar hisoblanadi:

burilishni koʻrsatadigan miltillovchi chiroq yoki qoʻl bilan beriladigan ishoralar;

toʻxtash fara chirogʻi;

tovushli ishoralar;

fara chiroqlarining yoqib oʻchirilishi;

sutkaning yorugʻ vaqtida yaqinni yorituvchi fara chiroqlarini yoqilishi.


45. Haydovchi harakatlanishni boshlashdan, qayta tizilishdan, burilish (qayrilib olish)dan va toʻxtashdan oldin tegishli yoʻnalishni koʻrsatuvchi yorugʻlik ishoralarini yoqishi, ular boʻlmaganda yoki ishlamaganda qoʻl bilan ishoralar berishi shart.

Chapga burilish (qayrilib olish)ni bildiruvchi ishoraga chap qoʻlni yonga uzatish yoki oʻng qoʻlni tirsakdan toʻgʻri burchak ostida bukib, yuqoriga koʻtarish mos keladi.

Oʻngga burilish (qayrilib olish)ni bildiruvchi ishoraga oʻng qoʻlni yonga uzatish yoki chap qoʻlni tirsakdan toʻgʻri burchak ostida bukib, yuqoriga koʻtarish mos keladi.

Toʻxtash ishorasi chap yoki oʻng qoʻlni yuqoriga koʻtarib beriladi.


46. Burilish koʻrsatkichi yoki qoʻl bilan berilayotgan ishora manyovrni bajarishdan oldinroq berilishi va uni tugallagach, darhol toʻxtatilishi kerak (qoʻl bilan berilayotgan ishorani manyovrni bevosita bajarishdan oldin tugallash mumkin).

Beriladigan ishoralar yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilarini chalgʻitmasligi kerak.

Ogohlantiruvchi ishora berish haydovchiga oldin oʻtish huquqini bermaydi va uni zaruriy ehtiyot choralarini koʻrish masʼuliyatidan ozod etmaydi.


47. Haydovchi harakat yoʻnalishini oʻzgartirish haqidagi ogohlantiruvchi ishorani berishdan oldin orqadan kelayotgan, uni quvib oʻtishni yoki oʻzib ketishni boshlagan va boshqa harakat ishtirokchilariga xalaqit bermayotganligiga ishonch hosil qilishi kerak.


48. Tovushli ishoralar faqat quyidagi hollarda qoʻllanilishi mumkin:

aholi punktlaridan tashqarida boshqa haydovchilarni quvib oʻtish haqida ogohlantirish uchun;

zarur boʻlgan hollarda yoʻl-transport hodisasining oldini olish uchun.

Yuqorida koʻrsatilgan hollardan tashqari tovushli ishoralardan foydalanish taqiqlanadi.


49. Quvib oʻtish haqida tovushli ishora oʻrniga yoki u bilan birga fara chiroqlarini yoqib-oʻchirib, ogohlantirish ishorasini ham berish mumkin.


50. Burilishni koʻrsatuvchi barcha yorugʻlik ishoralarining bir vaqtda miltillashi avariya (xavf-xatar) ishorasi hisoblanadi.

Avariya ishorasi quyidagi hollarda yoqilishi kerak:

yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlganda;

toʻxtash taqiqlangan joylarda majburiy toʻxtaganda;

fara chiroqlari yorugʻligi haydovchining koʻzini qamashtirganda;

shatakka olishda (shatakka olingan mexanik transport vositasida);

“Bolalarni tashish” taniqlik belgilariga ega boʻlgan transport vositasiga bolalar chiqayotganda va undan tushayotganda.

Transport vositasi xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan boshqa hollarda ham haydovchi yoʻl harakati ishtirokchilarini ogohlantirish maqsadida avariya ishorasini yoqishi kerak.


51. Transport vositasi toʻsatdan toʻxtab qolganda, zudlik bilan avariya yorugʻlik ishorasini yoqish, agar u ishlamasa, avariya sababli toʻxtash belgisini darhol oʻrnatish kerak. Avariya sababli toʻxtash belgisi quyidagi hollarda qoʻllaniladi:

yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlganda;

toʻxtash taqiqlangan joylarda va koʻrinishi cheklangan joylarda majburiy toʻxtaganda;

Ushbu belgi boshqa haydovchilarni xavfli vaziyat haqida oʻz vaqtida ogohlantirish imkonini beradigan masofada oʻrnatilishi kerak. Bu masofa aholi punktlarida transport vositasidan 15 metr, aholi punktlaridan tashqaridagi joylarda esa 30 metrdan kam boʻlmasligi kerak.


52. Shatakka olingan mexanik transport vositasida avariya yorugʻlik ishoralari boʻlmasa yoki ular ishlamasa, uning orqa qismiga avariya sababli toʻxtash belgisi oʻrnatilishi kerak.

Advertisement
Предыдущая статья7. SVETOFOR VA TARTIBGA SOLUVСhINING IShORALARI
Следующая статья9. HARAKATLANIShNI BOShLASh, MANYoVR QILISh