7. SVETOFOR VA TARTIBGA SOLUVСhINING IShORALARI

0
5904

30. Svetoforlarda yashil, sariq, qizil va oq rangli yorugʻlik ishoralari qoʻllaniladi.

Svetofor ishoralari vazifasiga qarab doirasimon, koʻrsatkich (koʻrsatkichlar), piyoda yoki velosiped tasviri tushirilgan koʻrinishda va X-simon boʻlishi mumkin.

Doirasimon ishorali svetoforlarda yashil ishoralar bilan bir sathda joylashgan ishoralar yashil koʻrsatkich (koʻrsatkichlar) koʻrinishidagi bitta yoki ikkita qoʻshimcha tarmoq boʻlishi mumkin.


31. Svetoforning doirasimon ishoralari quyidagi maʼnoni bildiradi:

 – yashil ishora harakatlanishga ruxsat beradi;

miltillovchi yashil ishora ham harakatlanishga ruxsat beradi va uning taʼsir vaqti tugayotganligi hamda koʻp oʻtmay taqiqlovchi ishora yonishi haqida axborot beradi.

yashil ishora oʻchishiga soniyalarda qancha vaqt qolganligi haqida axborot berish uchun raqamli tablo qoʻllanilishi mumkin;

– sariq ishora harakatlanishni taqiqlaydi (Qoidalarning 42-bandida koʻzda tutilgan holatlardan tashqari) va ishoralar almashuvi haqida ogohlantiradi;

miltillovchi sariq ishora ehtiyotkorlik choralarini koʻrgan holda harakatlanishga ruxsat beradi va tartibga solinmagan chorraha yoki piyodalar oʻtish joyi borligidan xabardor qiladi, xavf-xatar haqida ogohlantiradi;

– qizil ishora, shuningdek, miltillovchi qizil ishora harakatlanishni taqiqlaydi;

qizil va sariq ishoralarning bir vaqtda yonishi harakatlanishni taqiqlaydi va koʻp oʻtmay yashil ishora yonishi haqida axborot beradi.


32. Yoʻnaltirgich koʻrinishidagi qizil, sariq va yashil rangli svetofor ishoralari ham doirasimon shaklidagi svetofor ishoralari bilan bir xil maʼnoga ega boʻladi. Ular faqat koʻrsatilgan yoʻnalishga taʼsir etadi.

Agar tegishli yoʻl belgisi bilan qayrilib olish taqiqlanmagan boʻlsa, chapga burilishga ruxsat beruvchi yoʻnaltirgich qayrilib olishga ham ruxsat beradi. Qoʻshimcha tarmoqdagi yashil yoʻnaltirgich ham xuddi shu maʼnoni bildiradi.

Svetoforning qoʻshimcha tarmoqdagi ishora oʻchirilgan boʻlsa, shu tarmoq tartibga solayotgan yoʻnalishda harakatlanish taqiqlanganligini bildiradi.


33. Svetoforning asosiy yashil ishorasiga yoʻnaltirgich (yoʻnaltirgichlar)ning shakli tushirilgan boʻlsa, u haydovchilarga svetoforning qoʻshimcha tarmogʻi borligi haqida axborot beradi va asosiy yashil ishora yonganda harakatlanishga ruxsat berilgan yoʻnalishlarni koʻrsatadi.


34. Agar svetofor ishorasi piyoda tasviri koʻrinishida boʻlsa, u faqat piyodalarga, velosiped tasviri koʻrinishida boʻlsa, velosipedchilar va individual harakatlanish vositalarini boshqargan shaxslar harakatlanishiga taʼsir qiladi. Bunda yashil ishora piyodalar yoki velosipedchilar va individual harakatlanish vositalarini boshqargan shaxslarning harakatlanishiga ruxsat beradi, qizil ishora ularning harakatlanishini taqiqlaydi.


35. Qatnov qismidagi harakatlanish yoʻnalishi qarama-qarshi tomonga oʻzgarishi mumkin boʻlgan tasmalarida transport vositalarining harakatlanishini tartibga solish uchun X-simon qizil ishorali va pastga yoʻnalgan koʻrsatkich koʻrinishidagi yashil ishorali reversiv svetoforlar qoʻllaniladi. Bu ishoralar qaysi tasma ustiga oʻrnatilgan boʻlsa, unda harakatlanishni taqiqlaydi yoki harakatlanishga ruxsat beradi.

Ikki tomoni 1.9 yoʻl chizigʻi bilan belgilangan tasma ustiga oʻrnatilgan va ishoralari oʻchirilgan reversiv svetofor shu tasmaga kirishni taqiqlaydi.


36. Tramvaylarning hamda maxsus ajratilgan tasma boʻylab harakatlanayotgan boshqa yoʻnalishli transport vositalarining harakatlanishini tartibga solish uchun “T” harfi koʻrinishida joylashgan toʻrtta doirasimon oq rang ishorali svetoforlar qoʻllanilishi mumkin.

Yuqoridagi bir yoki bir nechta va pastki ishora bir vaqtning oʻzida yonganda, harakatlanishga ruxsat etiladi. Ulardan chapdagisi chapga, oʻngdagisi oʻngga, oʻrtadagisi toʻgʻriga yurishga ruxsat beradi. Pastdagi ishora oʻchirilib, yuqoridagi uchta ishora bir vaqtda yonsa, harakatlanish taqiqlanadi.


37. Temir yoʻl kesishmalarida oʻrnatilgan doirasimon oq rangli miltillovchi ishora transport vositalarining kesishma orqali harakatlanishiga ruxsat beradi. Svetoforning miltillovchi oq va qizil ishoralari oʻchirilgan boʻlib, koʻrinish chegarasida temir yoʻl kesishmasiga yaqinlashib kelayotgan poyezd (lokomotiv, drezina) boʻlmasa harakatlanishga ruxsat etadi.

Temir yoʻl kesishmalarida svetoforning qizil miltillovchi ishorasi bilan bir vaqtda yoʻl harakati ishtirokchilarining kesishma orqali harakatlanishi taqiqlanganligi toʻgʻrisida qoʻshimcha axborot sifatida tovushli ishora ham berilishi mumkin.


38. Tartibga soluvchining ishoralari quyidagi maʼnoni bildiradi:

Qoʻllari yon tomonga uzatilganda yoki tushirilganda:

chap va oʻng yon tomonidan tramvayga toʻgʻriga, relssiz transport vositalariga toʻgʻriga va oʻngga harakatlanishga, piyodalarga qatnov qismini kesib oʻtishga ruxsat beriladi;

old va orqa tomonidan barcha transport vositalari va piyodalarning harakatlanishi taqiqlanadi.

Oʻng qoʻli oldinga uzatilganda:

chap yonidan tramvayga chapga, relssiz transport vositalariga barcha yoʻnalishlarda;

oldi tomonidan barcha transport vositalariga faqat oʻngga harakatlanishga ruxsat beriladi;

orqa tomonidan va oʻng yonidan barcha transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi;

piyodalarga tartibga soluvchining orqa tomonida qatnov qismini kesib oʻtishga ruxsat etiladi.

Qoʻlini yuqoriga koʻtarganda:

ushbu Qoidalarning 42-bandida koʻrsatilganidan boshqa hollarda transport vositalari va piyodalarning barcha yoʻnalishlarda harakatlanishi taqiqlanadi;

tartibga soluvchi haydovchi va piyodalarga tushunarli boʻlgan boshqa ishoralarni ham berishi mumkin. Ishoralar yaxshi koʻrinishi uchun tartibga soluvchi jezl yoki yorugʻlik qaytaradigan qizil rangli moslamalarni qoʻllashi mumkin. Shuningdek, tartibga soluvchi oʻz faoliyatini maxsus moslama (tumba) ustida turib olib borishi mumkin.


39. Harakatni tartibga soluvchi yoki IIO xodimi oʻz xizmat vazifalarini bajarayotganda, qoʻl ishorasi yoki ovoz kuchaytirgich yordamida haydovchidan transport vositasini toʻxtatishni talab qilishi mumkin. Bunda transport vositasining haydovchisi koʻrsatilgan joyda toʻxtashi shart.


40. Yoʻl harakati ishtirokchilarining eʼtiborini jalb etish uchun hushtak bilan qoʻshimcha ishora beriladi.


41. Svetofor (reversivdan tashqari)ning yoki tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida haydovchilar transport vositalarini toʻxtash chizigʻi (5.33 yoʻl belgisi) oldida (bunda transport vositasining eng oldingi nuqtasi toʻxtash chizigʻi ustiga chiqib ketmasligi kerak), bunday chiziq boʻlmaganda esa:

chorrahada qatnov qismi bilan kesishgan joyida, piyodalarga (ushbu Qoidalarning 102-bandini hisobga olgan holda) xalaqit bermasdan;
temir yoʻl kesishmasi oldida ushbu Qoidalarning 119-bandiga muvofiq;

boshqa joylarda svetofor yoki tartibga soluvchining oldida, harakatlanishiga ruxsat berilgan transport vositalari va piyodalarga xalaqit bermagan holda toʻxtashi kerak.


42. Svetoforning yashil ishorasidan keyin sariq ishora yonganda yoki tartibga soluvchining qoʻli yuqoriga koʻtarilganda, Qoidalarning 41-bandida nazarda tutilgan joylarda keskin tormoz bermasdan toʻxtashga ulgura olmaydigan haydovchilarga harakatlanishni davom ettirishga ruxsat etiladi.

Ushbu ishoralar berilganda, qatnov qismida boʻlgan piyodalar uni boʻshatishlari, agar buning iloji boʻlmasa, qarama-qarshi yoʻnalishlardagi transport oqimlarini ajratuvchi chiziqda toʻxtashlari kerak.


43. Tartibga soluvchining ishoralari va koʻrsatmalari svetofor ishoralari, yoʻl belgilari va chiziqlari talablariga zid boʻlgan hollarda haydovchi, velosipedchi, individual harakatlanish vositasini boshqargan shaxs va piyodalar tartibga soluvchining ishoralari va koʻrsatmalariga amal qilishlari kerak.

Svetofor ishoralari imtiyoz belgilari talablariga zid boʻlgan hollarda haydovchilar svetofor ishoralariga amal qilishlari kerak.
Agar svetoforning ishoralari ishlamayotgan boʻlsa, haydovchi boshqa (koʻndalang) yoʻnalishdagi svetofor ishoralari ishlamayotganligiga ishonch hosil qilganidan soʻnggina harakat xavfsizligini taʼminlagan holda harakatni davom ettirishi lozim.

Advertisement
Предыдущая статья6. MAXSUS TRANSPORT VOSITALARINING IMTIYoZLARI
Следующая статья8. OGOHLANTIRUVChI VA AVARIYa (XAVF-XATAR) IShORALARI