4. PIYoDALARNING MAJBURIYaTLARI

0
3843

15. Piyodalar trotuarlardan, piyodalar yoʻlkalaridan, piyoda va velosiped yoʻlkalaridan, ular boʻlmaganda esa yoʻl yoqalaridan harakatlanishi kerak. Hajmi katta yuklarni olib ketayotgan piyodalar, shuningdek, nogironlarning dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan shaxslarning trotuarlar yoki piyodalar yoʻlkalaridan harakatlanishi boshqa piyodalarning harakatlanishiga xalaqit berayotgan boʻlsa, ular qatnov qismining chetidan harakatlanishi mumkin.

Trotuarlar, piyodalar yoʻlkalari, piyoda va velosiped yoʻlkalari yoki yoʻl yoqalari boʻlmasa yoxud ulardan harakatlanishning imkoniyati boʻlmagan hollarda, piyodalar velosiped yoʻlkasidan yoki qatnov qismining chetidan (ajratuvchi mintaqa bor yoʻllarda qatnov qismining tashqi chetidan) bir qator boʻlib harakatlanishlari mumkin.

Qatnov qismi chetida harakatlanayotgan piyodalar transport vositalarining harakatlanishiga qarama-qarshi yoʻnalishda yurishlari kerak.

Nogironlarning dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan, mototsikl, elektromototsikl, moped, skuter, shuningdek, kichik hajmdagi mototransport vositalari, velosiped va individual harakatlanish vositalarini yetaklab ketayotgan shaxslar esa bunday hollarda transport vositalarining harakatlanish yoʻnalishi boʻylab yurishlari kerak.

Piyodalar yoʻlkasida, trotuarda, yoʻl yoqasida piyodalarning harakatlanishiga xalaqit beradigan qurilma va toʻsiqlar oʻrnatish taqiqlanadi.


16. Piyodalarning tashkiliy jamlanmasiga yoʻlning qatnov qismida bir qatorda toʻrt kishidan ortiq boʻlmasdan, faqat transport vositalarining harakat yoʻnalishi boʻylab oʻng tomondan harakatlanishga ruxsat etiladi.

Jamlanmaning oldi va orqasida chap tomondan qizil bayroqcha, sutkaning qorongʻi vaqtida yoki yetarlicha koʻrinmaslik sharoitida esa oldinda oq, orqada qizil rangli chiroq koʻtargan kuzatuvchilar boʻlishi shart.

Bolalar guruhini trotuarlar va piyodalar yoʻlkalaridangina, ular boʻlmaganda esa yoʻl yoqasidan faqat sutkaning yorugʻ vaqtida va katta yoshdagilar kuzatuvida olib yurishga ruxsat etiladi.


17. Piyodalar yoʻlning qatnov qismini piyodalar oʻtish joylaridan, shuningdek, yer osti va yer usti oʻtish joylaridan, ular boʻlmaganda esa chorrahalarda trotuar chiziqlari yoki yoʻl yoqasi boʻylab kesib oʻtishlari kerak.

Piyodalarga koʻrinadigan oraliqda oʻtish joyi yoki chorraha boʻlmasa, ajratuvchi mintaqasiz va toʻsiqsiz yoʻllardan yoʻlning ikki tomoni yaxshi koʻrinadigan joyidan, qatnov qismining chetiga nisbatan toʻgʻri burchak ostida kesib oʻtish ruxsat etiladi.


18. Yoʻl harakati tartibga solingan joylarda piyodalar tartibga soluvchining yoki piyodalar svetoforining, ular boʻlmaganda esa transport svetoforining ishoralariga amal qilishlari kerak.


19. Tartibga solinmaydigan piyodalar oʻtish joylarida, piyodalar yaqinlashayotgan transport vositalarigacha boʻlgan masofani va ularning tezligini chamalab koʻrib, oʻtish oʻzlari uchun xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilganlaridan soʻng qatnov qismi (tramvay bekati)ga chiqishlari ruxsat etiladi.

Shuningdek, piyodalar yoʻlni piyodalar oʻtish joylaridan tashqarida kesib oʻtishda transport vositalarining harakatlanishiga xalaqit bermasliklari, yaqinlashayotgan transport vositalarining yoʻqligiga ishonch hosil qilmasdan turib, koʻrinishni cheklovchi toʻxtab turgan transport vositasi yoki boshqa biror toʻsiq panasidan chiqmasliklari kerak.

Yoʻlning qatnov qismida, shuningdek, piyodalar oʻtish joylarida harakatlanayotgan piyodalarga telefondan foydalanish, tele, video mahsulotlarni koʻrish, radio-audio mahsulotlarni eshitish, kitob yoki davriy matbuot oʻqish, hamda eʼtiborni chalgʻitadigan boshqa elektron vositalardan foydalanish taqiqlanadi.

Piyodalar toʻxtab turgan avtobus va trolleybusning orqa tomonidan, tramvayning esa oldi tomonidan yoʻlni kesib oʻtishlari shart.


20. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlmasa, yoʻlning qatnov qismi (tramvay yoʻllari)ga chiqqan piyodalar ushlanib qolmasliklari va toʻxtamasliklari kerak. Oʻtishga ulgurmagan piyodalar xavfsizlik orolchasida, agarda u boʻlmasa qarama-qarshi yoʻnalishdagi transport oqimlarini ajratuvchi chiziqda toʻxtashlari lozim. Keyingi harakatlanish xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilgandan soʻng va svetofor yoki tartibga soluvchining ishoralarini hisobga olgan holda oʻtishni davom etishlari mumkin.


21. Tezkor va maxsus xizmatlarning koʻk yoki qizil yoxud koʻk va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar va maxsus tovushli ishorasi yoqilgan transport vositalari yaqinlashib kelayotgan boʻlsa, piyodalar qatnov qismidan oʻtmasliklari, unda harakatlanayotganlari esa, ushbu transport vositalariga yoʻl berishlari va zudlik bilan qatnov qismini boʻshatishlari kerak.


22. Yoʻnalishli transport vositalarini faqat qatnov qismidan baland joylashgan kutish maydonchalarida, ular boʻlmaganda esa, trotuar yoki yoʻl yoqasida kutishlari kerak. Qatnov qismidan baland joylashgan maydonchalar bilan jihozlanmagan bekatlarda yoʻnalishli transport vositalari toʻliq toʻxtagandan soʻng unga chiqish uchun qatnov qismiga chiqishga ruxsat etiladi. Undan tushgandan keyin ushlanib qolmasdan qatnov qismini boʻshatishlari shart.

Qatnov qismi boʻylab bekatlarga borayotgan yoki undan qaytayotgan piyodalar ushbu Qoidalarning 18 — 21-bandlari talablariga amal qilishlari kerak.

Advertisement
Предыдущая статья3. YO’L-TRANSPORT HODISASI SODIR BO’LGANDA HAYDOVСhINING MAJBURIYaTLARI
Следующая статья5. YO’LOVСhILARNING MAJBURIYaTLARI