13. Yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlganda unga daxldor haydovchilar quyidagilarni bajarishlari shart:
transport vositasini darhol toʻxtatishi, avariya ishoralarini yoqishi va avariya sababli toʻxtash belgisini Qoidalarning 51-bandi talablariga muvofiq oʻrnatishi, transport vositasini va hodisaga daxldor buyumlarni joyidan qoʻzgʻatmasligi;
tan jarohati olganlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish choralarini koʻrishi, tez tibbiy yordam va favqulodda qutqaruv xizmatlarini chaqirishi, shoshilinch hollarda esa tan jarohati olganlarni yaqin oradagi tibbiyot muassasasiga yoʻlakay transport vositasida joʻnatishi, buning imkoni boʻlmagan hollarda oʻz transport vositasida olib borishi, u yerda oʻz ismi-familiyasi, transport vositasining roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqam belgisi haqida axborot berishi (oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yoki haydovchilik guvohnomasini va transport vositasining roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi hujjatni koʻrsatishi) va hodisa roʻy bergan joyga qaytib kelishi;
agar boshqa transport vositalarining harakatlanishiga toʻsqinlik qilsa, dastlab transport vositalarining bir-biriga va yoʻl tuzilmalari obyektlariga nisbatan joylashgan holatini, hodisaga aloqador buyumlar va izlarni, guvohlar ishtirokida, shuningdek, fotosurat yoki videoyozuv vositalari bilan, turgan oʻrnini chizuvchi moslamalar yordamida belgilagan va transport vositasini zarur hollarda aynan shu holatga qayta joylashtirish imkonini beradigan holda qayd etishni amalga oshirishi, ularning yoʻqolmasligini va hodisa roʻy bergan joyni aylanib oʻtishni tashkil qilishning barcha choralarini koʻrishi, soʻngra qatnov qismini boʻshatishi;
hodisa haqida IIOga xabar berishi, guvohlarning ism-familiyasini va yashash manzilini yozib olib, IIO xodimlarining kelishini kutishi.
14. Haydovchilar transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnomani tuzish bilan bogʻliq hollarda, yoʻl transport hodisa haqida DYHHX yoki IIO xodimlariga xabar bermasliklari mumkin.