7. TRANSPORT VOSITASI KONSTRUKTsIYaSINING BOShQA TARKIBIY QISMLARI

0
636

7.1. Orqa tomonni ko‘rsatuvchi ko‘zgular soni, joylashuvi va turi belgilangan talablarga mos kelmasa, transport vositasining konstruksiyasida ko‘zda tutilgan oynalari bo‘lmasa.


7.2. Tovushli ishora ishlamasa.


7.3. Haydovchining joyidan tevarak-atrof ko‘rinishini cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan va qoplamalar tushirilgan bo‘lsa.

Transport vositasi salonidagi va ikki yonidagi orqa tomonni ko‘rish ko‘zgusiga ko‘rinishini cheklaydigan buyum, narsa yoki jihozlar taqilgan bo‘lsa.


7.4. Barcha transport vositasining old, yon oynalarining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 70 foizdan kam bo‘lsa, avtomobil tomidagi lyuk oynasi, shuningdek, ruxsatnoma asosida tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) avtotransport vositalarining oynalari bundan mustasno.

Izoh. III klass M3 toifadagi avtotransport vositalarining orqa va yon oynalariga pardalar, ikki yonga orqa tomonni ko‘rish uchun tashqi ko‘zgusi mavjud bo‘lgan barcha toifadagi avtotransport vositalari orqa oynalarining tusini yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirishga (qoraytirishga), shuningdek, ushbu orqa oynalarga parda (chiy parda, darparda) o‘rnatishga ruxsat beriladi.


7.5. Konstruksiyasida ko‘zda tutilgan yukxona yoki kabina eshiklarining qulflari, yuk platformasi bortlarining yopqichlari, tsisternalar og‘zining qulflari va yonilg‘i idishining qopqoqlari, haydovchi o‘rindig‘i holatini sozlovchi qurilma, avtobusda falokat yuz bergan vaqtida eshiklarni ochish moslamasi va to‘xtatish talabi ishorasi, avtobus salonini yoritish asboblari, falokat yuz bergan vaqtda chiqish joylari va ularni harakatga keltiruvchi moslamalari, eshiklarni ochish va yopish qurilmalari, spidometr, taxograf, oynalarni isituvchi va shamollatuvchi moslamalari va haydab olib qochishga qarshi moslamalari ishlamaydi.


7.6. Spidometr qurilmasi nosoz va tamg‘alanmagan (shaxsiy transport vositalari, mototsikl va mopedlardan tashqari) bo‘lsa.


7.7. Transport vositasi konstruksiyasida ko‘zda tutilgan orqa himoya vositasi, loy to‘sgichlar bo‘lmasa.


7.8. Ishlab chiqargan korxona tomonidan ko‘zda tutilmagan antenna, sirena, ratsiya, tovush chiqarish moslamalari, yoritgichlar, konstruksiyasida ko‘zda tutilmagan nostandart yukxonalar va boshqalar belgilanmagan joyda va tegishli ruxsatsiz o‘rnatilsa.


7.9. Tirkama bo‘g‘imining tortish-tirkash yoki tayanch-tirkash moslamasi nosoz hamda konstruksiyasida ko‘zda tutilgan ehtiyot po‘lat arqon (zanjir) yo‘q yoki nosoz bo‘lsa. Mototsikl ramasi bilan yon tirkama ramasi mahkamlangan joyda lyuft bo‘lsa.


7.10. Transport vositalari quyidagilar bilan jihozlanmagan bo‘lsa:

M2, M3 toifadagi — favqulodda holatlarda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolg‘acha, tibbiyot qutichasi, 2 ta o‘t o‘chirgich (bittasi haydovchining kabinasida, ikkinchisi — yo‘lovchilar salonida), majburiy to‘xtaganini bildiruvchi belgi (yoki miltillovchi qizil chiroq) va nur qaytargichli kamzul (jilet);

M1, N1, N2, N3 toifadagi, mikroavtobus va g‘ildirakli traktorlarda tibbiyot qutichasi, o‘t o‘chirgich, majburiy to‘xtaganligini bildiruvchi belgi (yoki miltillovchi qizil chiroq) va nur qaytargichli kamzul (jilet);

M3, N2, N3 toifadagi — o‘zi yurib ketishidan saqlovchi, g‘ildirak diametriga muvofiq (kamida ikkita) tirgak;

O toifadagi, traktorlar, aravalar va boshqa o‘ziyurar mashinalarda — tashqi nur qaytargichlar;

kajavali mototsikllarda — tibbiyot qutichasi, majburiy to‘xtaganligini bildiruvchi belgi.


7.11. Mototsikllarda konstruksiyasida ko‘zda tutilgan xavfsizlik yoyi (duga) bo‘lmasa.


7.12. Mototsikl va mopedlarda konstruksiyasida ko‘zda tutilgan oyoq tiragich, egarida yo‘lovchi uchun ko‘ndalang tutqich bo‘lmasa.


7.13. Konstruksiyasida ko‘zda tutilgan xavfsizlik kamarlari va o‘rindiqlarning bosh suyanchiqlari bo‘lmasa.


7.14. Xavfsizlik kamarlari ishga yaroqsiz yoki tasmasida ko‘rinadigan yirtiqliklar mavjud bo‘lsa.


7.15. Transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari yoki ularni o‘rnatish usuli belgilangan talablarga javob bermasa.

Transport vositasida ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini ko‘rinishini cheklaydigan, to‘g‘ri aniqlanishiga xalaqit beradigan har-xil buyumlar o‘rnatilgan va qoplamalar bilan qoplangan bo‘lsa.


7.16. Yarim tirkamada tayanch moslamasi, tayanchlarni transport holatida qulflovchi moslama, tayanchlarni ko‘tarish va tushirish moslamasi yo‘q yoki nosoz.


7.17. Ehtiyot (zaxira) g‘ildirakni ushlab turgich, lebyodka va ehtiyot g‘ildirakni ko‘tarish — tushirish qurilmasi ishlamasa. Lebyodkaning xrapli qurilmasi barabanni mahkamlash kanati bilan qulflanmayotgan bo‘lsa.


7.18. Dvigatel, uzatmalar qutisi, reduktorlar, orqa ko‘prik, ilashish (ssepleniye) mexanizmi, akkumulyator batareyasi, sovitish va konditsioner tizimlari va transport vositasiga qo‘shimcha o‘rnatiladigan gidravlik qurilmalarning (moslamalarning) birikmalari va zichlagichlarining zichligi buzilgan bo‘lsa.


7.19. Gazli ta’minlash tizimi bilan jihozlangan avtobus va avtomobil gaz ballonlarining tashqi tomonida ko‘rsatilgan texnik ko‘rsatgichlar texnik pasportdagi ma’lumotlarga mos kelmasa, oxirgi va rejalashtirilayotgan tekshiruvlarning sanasi bo‘lmasa.


7.20. Transport vositalarining tashqi yuzasiga qonunchilik hujjatlariga mos kelmaydigan, harakat xavfsizligiga salbiy ta’sir etuvchi turli xil tasvirlar tushirilgan, oynalariga (lyukdan tashqari) reklama chizilgan (qoplangan) bo‘lsa.

Ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan ko‘zda tutilmagan hollarda kuzov (kabina) bir necha xil rangga bo‘yalgan, plyonka yopishtirilgan yoki rangi, tusi o‘zgartirilgan bo‘lsa (maxsus transport vositalari bundan mustasno).


7.21. Transport vositalari o‘zboshimchalik bilan yalt-yalt etuvchi mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlangan bo‘lsa, yoxud transport vositasining tashqi yuzasida belgilangan talablarga mos kelmaydigan maxsus rangli bo‘yoq sxemalar, yozuvlar va belgilar bo‘lsa.


7.22. DYXXX organlarining ruxsatisiz transport vositalarining konstruksiyasiga o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lsa.

Transport vositalariga boshqa turdagi moldinglar, g‘ildirak qopqoqlari o‘rnatilishiga, shuningdek, ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan avtomobillarga boshqa turdagi va rusumdagi transport vositalarining buferlarini o‘rnatishga ruxsat etiladi.

Ushbu ilovada Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari bo‘yicha xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentda belgilangan avtotransport vositalarini tasnifi (klassifikatsiyasi) keltirilgan:

M toifasi — kamida to‘rt g‘ildirakka ega bo‘lgan va yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan mexanik transport vositalari, shu jumladan:

M1 toifasi — yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan avtotransport vositalari.

M2 toifasi — yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 t gacha bo‘lgan avtotransport vositalari.

M3 toifasi — yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 t dan ko‘p bo‘lgan avtotransport vositalari.

M2 va M3 toifalardagi avtotransport vositalari quyidagi klasslarga mansub:

a) uch klassdan (I, II, III) bittasiga yoki bir nechtasiga;

b) ikki klassdan (A, V) bittasiga.

I klass — yo‘lovchilar salonda bemalol yurishi maqsadida konstruksiyasida turib ketadigan yo‘lovchilar uchun joylar ko‘zda tutilgan avtotransport vositalari.

II klass — konstruksiyasi asosan o‘tirib ketadigan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan va qatorlar orasida va (yoki) ikkita birlashgan o‘rindiq uchun ajratilgan joy chegarasidan chiqmasdan joylashib, turib ketadigan yo‘lovchilarni ham tashish ko‘zda tutilgan avtotransport vositalari.

III klass — konstruksiyasi faqat o‘tirib ketadigan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalari.

A klass — turib ketadigan yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalari; bu klassdagi transport vositalari o‘rindiqlar bilan jihozlangan va ularda turib ketadigan yo‘lovchilarni tashish ko‘zda tutilgan.

V klass — turib ketadigan yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallanmagan avtotransport vositalari.

Mikroavtobuslar: yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan, haydovchidan tashqari 16 tagacha o‘tiradigan yo‘lovchi uchun joy bo‘lgan V klassdagi avtotransport vositasi.

N1 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan, eng katta vazni 3,5 t dan oshmaydigan avtotransport vositalari.

N2 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan, eng katta vazni 3,5 t dan ortiq, lekin 12 t dan oshmaydigan avtotransport vositalari.

N3 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan, eng katta vazni 12 t dan ortiq bo‘lgan avtotransport vositalari.

O toifasi — tirkamalar (yarim tirkamalar ham).

O1 toifasi — eng katta vazni 0,75 t dan oshmaydigan tirkamalar.

O2 toifasi — eng katta vazni 0,75 t dan ortiq, lekin 3,5 t dan oshmaydigan tirkamalar.

O3 toifasi — eng katta vazni 3,5 t dan ortiq, lekin 10 t dan oshmaydigan tirkamalar.

O4 toifasi — eng katta vazni 10 t dan ortiq bo‘lgan tirkamalar.

Предыдущая статья6. DVIGATEL
Следующая статья1. Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida