TRANSPORT VOSITALARINING TANIQLIK BELGILARI

0
1328
«Avtopoezd»
Yuk avtomobillari va g‘ildirakli traktor (1,4 tonna va undan yuqori)larda tirkama bo‘lganda, shuningdek tutashtirilgan avtobus va trolleybus kabinalari tomining old qismi o‘rtasiga bir qator qilib 150 dan 300 millimetrgacha oraliqda ko‘ndalang joylashgan uchta zarg‘aldoq rangli chiroq yoki ichidan yoritiladigan, tomonlarining har biri 250 millimetr bo‘lgan sariq rangli uchburchak shaklidagi belgi;
«Turumlangan»
(tishli, shipli) — turumlangan shinali mexanik transport vositalarining orqasida — ichiga qora rangda «T» harfi tushirilgan, qizil hoshiyali, oq rangli uchi yuqoriga yo‘naltirilgan teng tomonli uchburchak ko‘rinishida. Uchburchakning tomonlari 200 millimetrdan kam bo‘lmasligi, hoshiyasining kengligi uchburchak tomonining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak;
«Bolalar guruhini tashish»
Bolalar guruhini tashkiliy tashishda, transport vositasining old va orqa tomonlariga qizil hoshiyali, ichiga 1.21 yo‘l belgisidagi bolalar timsolining tasviri tushirilgan, sariq rangdagi, tomonlari teng bo‘lgan to‘rtburchak (kvadrat) ko‘rinishidagi belgi. To‘rtburchakning tomonlari 250 — 300 millimetrgacha, hoshiyaning kengligi to‘rtburchak tomonining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak;
«Kar haydovchi»
Kar-soqov yoki kar haydovchi boshqarayotgan transport vositasining old va orqa tomonlarida — ichiga uchi pastga yo‘nalgan hayoliy teng tomonli uchburchakning burchaklari bo‘yicha diametri 40 millimetr bo‘lgan uchta qora doira tushirilgan, diametri 160 millimetrni tashkil etadigan sariq rangli doira ko‘rinishida;
«Boshqarishni o‘rgatish uchun mo‘ljallangan mexanik transport vositasi»
Boshqarishni o‘rgatishda foydalaniladigan transport vositalarining old va orqa tomonlarida — ichiga qora rangda «O‘» harfi tushirilgan, tomonlari 200 millimetrdan 300 millimetrgacha bo‘lgan qizil hoshiyali, oq rangli, uchi yuqoriga yo‘nalgan teng tomonli uchburchak ko‘rinishida. Belgi hoshiyasining kengligi uchburchak tomonining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak;
«Tezlik cheklangan»
Bolalar guruhini tashkiliy tashishni amalga oshirayotgan, og‘ir vaznli, xavfli va katta o‘lchamli yuklarni tashiyotgan, shuningdek, transport vositasining texnik tavsifnomasida ko‘rsatilgan eng yuqori tezligi Qoidalarning 78, 79 va 80-bandlarida belgilangan tezlikdan kam bo‘lgan hollarda, mexanik transport vositalari kuzovi orqa devorining chap tomoniga 3.24 — «Yuqori tezlik cheklangan» yo‘l belgisining kichraytirilgan, rangli tasviri tushirilgan ko‘rinishidagi belgi. Belgining diametri 160 millimetrdan kam bo‘lmasligi, hoshiyasining kengligi belgi diametrining 1/10 qismiga teng bo‘lishi kerak;
«Xavfli yuk»
Xavfli yukni tashiyotgan transport vositasining old va orqa tomoniga o‘rnatilgan o‘lchami 690 x 300 millimetr, o‘ng qismi 400 x 300 millimetr bo‘lgan zarg‘aldoq rangli, chap qismi esa yukning xavfli xususiyatini bildirib turgan belgilar tushirilgan qora hoshiyali (kengligi 15 millimetr) oq rangdagi to‘rtburchak shaklidagi belgi (ushbu Qoidalarga 4-ilova);
«Katta o‘lchamli yuk»
Ichiga kengligi 50 millimetrli, diagonal bo‘yicha navbatma-navbat qizil va oq rangli chiziqlar tushirilgan, yorug‘lik qaytaradigan yuzali, o‘lchami 400 x 400 millimetrli to‘rtburchak shaklidagi belgi;
«Uzun o‘lchamli transport vositasi»
Yukli va yuksiz uzunligi 20 metrdan oshadigan transport vositasining, ikki yoki undan ko‘proq tirkamali avtopoezdlarning orqasida — kengligi 40 millimetr bo‘lgan qizil hoshiyali, o‘lchami 1200×200 millimetr bo‘lgan, sariq rangli, nur qaytaruvchi to‘rtburchak shaklidagi belgi.
Ko‘rsatilgan o‘lchamli belgini joylashtirishning imkoniyati bo‘lmasa, bir xil ikkita 600×200 millimetr o‘lchamdagi belgini transport vositasining o‘qiga simmetrik ravishda o‘rnatishga yo‘l qo‘yiladi;
«Avariya sababli to‘xtash»
Davlat standarti talablari asosidagi uchburchak shaklidagi belgi;
Haydovchining xohishiga ko‘ra taniqlik belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin:
«Shifokor»
Shifokor-haydovchilar boshqarayotgan transport vositalarining old va orqa tomonlarida — tomonlari 140 millimetr bo‘lgan, ko‘k rangli, ichida diametri 125 millimetrli oq doiraga balandligi 90 millimetr, chizig‘ining kengligi 25 millimetr bo‘lgan qizil xoch tushirilgan kvadrat ko‘rinishidagi belgi;
«Nogironligi bo‘lgan shaxs»
Birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxs boshqarayotgan, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni yoki nogironligi bo‘lgan bolalarni tashiyotgan transport vositalarining old va orqa tomonlarida — barcha tomonlari 150 millimetrdan bo‘lgan va ichiga 7.17 yo‘l belgisining qora rangli timsoli tushirilgan sariq rangli kvadrat ko‘rinishidagi belgi;
«Haydovchilikni endi boshlagan»
«Haydovchilik malakasi yetarli bo‘lmagan» haydovchilik staji 2 yildan kam bo‘lgan haydovchilar boshqarayotgan mexanik transport vositalarining (traktorlar, o‘ziyurar mashinalar va motosikllardan tashqari) orqasida — ichiga qora rangli 110 millimetr balandlikdagi «!» belgisining tasviri tushirilgan, sariq rangli, tomonlari 150 millimetr bo‘lgan kvadrat ko‘rinishidagi belgi.

Ushbu bandda nazarda tutilgan taniqlik belgilardan boshqa taniqlik belgilarini o‘rnatish, shuningdek, transport vositasining kuzovi va oynalariga turli xil yozuvlar kiritish taqiqlanadi, transport vositasining kuzoviga reklama maqsadlarida belgilangan tartibda yozuvlar kiritish bundan mustasno.

Предыдущая статья26. TIBBIY YoRDAM TO’PLAMI
Следующая статья1. TORMOZ TIZIMLARI